Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Konstitutsiya – osuda, obod hayotimiz kafolati
16:11 / 2023-06-06

Bugungi globallashuv jarayonlarida davlatlarning asosiy qonuni – Konstitutsiyasi zamon talabi, aholining ehtiyoj va istaklari o‘zgarishiga qarab takomillashib bormoqda. Rivojlangan davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qaysi mamlakatda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha davlatda qonun ustuvorligi ta’minlanib, jamiyatda jamoat nazorati kuchaymoqda.

Ijtimoiy adolat tamoyillari ijobiy samara berayotir. Shu ma’noda joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan Yangi Konstitutsiyamiz jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solishga, mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.  

Yangilangan qonunimizning 1-moddasida O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilandi. Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari uchun ko‘zlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik kabi muhim qadriyatlar mujassam bo‘lib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlangani o‘z ifodasini topgan.  

Yangi Konstitutsiyasining 9-moddasida “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga–referendumga qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasida referendum o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi”, degan norma kiritilgani ham o‘ta ahamiyatlidir. 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanib, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, qonunning 24-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar”, deya qayd etilgan.  

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi har bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga yo‘naltirilgan bir necha eng muhim tamoyillar bilan xalqimiz e’tiboriga sazovor bo‘ldi.  

Unda xususan, insoning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani va hech bir narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘la olmasligi ko‘zda tutilgan. 26-moddada qiynoqqa solish, zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etish, shaxsning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Hozirgi paytda qiynoqlarning taqiqlanishi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyada, Inson huquqlari to‘g‘risidagi Amerika konvensiyasida, Inson va xalqlar huquqlari Afrika xartiyasida va boshqa hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Qiynoqlarning taqiqlanishi mutlaq xarakterga ega.  

Mazkur tuzatishlarning kiritilishi inson qadr-qimmatini, uni huquq-tartibot organlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan himoyalashni kafolatlab, shaxsiy daxlsizligini ta’minlash imkonini beradi. Yuqorida sanab o‘tilgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun penitensiar muassasalarda 2 ming 800 dan ziyod kuzatuv kameralari o‘rnatilgani, IIVning barcha tergov izolyatorlari tergov xatti-harakatlarini o‘tkazish xonalari 123 kuzatuv kamerasi bilan jihozlangani shunga o‘xshash hodisalarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Aybsizlik prezumsiyasini amaliyotda qo‘llash isloh etilib, Xalqimizning xohish-irodasi bilan qabul qilingan Konstitutsiyamizda shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, bu ish qonuniy kuchga kirgan hukm bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi qatiy belgilandi.  

Darhaqiqat, Konstitutsiyadagi normalarga diqqat bilan e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda inson manfaatlari davlat manfaatlaridan ustun qo‘yilgani ko‘zga tashlanadi. Masalan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emasligi, ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilish asoslari unga tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi kafolatlandi. 31-moddada insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Yangi yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sud qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi ham ko‘rsatilgan.  

Eng asosiy o‘zgarishlardan biri – yangi Konstitutsiyaning 9-bobi “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” ga bag‘ishlanib, 41-53-moddalarida inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilganiga guvoh bo‘lamiz. Konstitutsiyaviy huquqlar doirasi ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, internetdan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi, oliy ta’lim, bepul yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga ega bo‘lish, undan mahrum etilganda kompensatsiya olish, bank operatsiyalari va hisob varaqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi huquqlar bilan to‘ldirildi.  

Qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, dam olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, byudjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirdi. “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimiz va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi ta’minlandi. Shu bois, yangi Bosh Qomusimizda insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi ham o‘z ifodasini topdi.  

Yangi asosiy qonunimizning 49-moddasida davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni ko‘rishi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi ham ilk marta belgilab qo‘yildi.  

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ekologik vaziyatning yomonlashuvi, so‘nggi vaqtlarda chang-qum shamollarining tez-tez kuzatilishi jamoatchilik orasida keng muhokamalarga, fuqarolar tomonidan bu borada yo‘llangan shikoyatlar sonining ortishiga sabab bo‘layotgan edi. Hatto, daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilinib, ekologiyaga oid murojaatlarni qabul qiluvchi @EcoControl_bot telegram boti ishga tushirildi. Mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida daraxtlarni kesishga o‘rnatilgan moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilib, ekologik politsiya tashkil etildi. Konstitutsiyadan o‘rin olgan ekologik huquqlar kafolatlari esa ana shu ehtiyojning eng ishonchli yechimidir.  

Eng muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yurtdoshlarimiz tomonidan bildirilgan har bir istak, taklif e’tiborga olinib, aholi bandligini ta’minlash, bolalar va majburiy mehnatga barham berish, ekologiya, shaharsozlik, xususiy mulk daxlsizligi kabi dolzarb masalalarning huquqiy kafolatlari aniq belgilangani e’tiborga sazovordir.  

Faylasuflarning dunyoni ehtiyoj boshqaradi, har bir harakat unga muvofiq bajariladi, degan gapi bor. Zero, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ham xalqimizning istak va xohish-irodasi asosida o‘zgartirilib, yangilandi. Yurt tinchligi, inson qadr-qimmati va aholi farovonligi bosh g‘oya etib belgilangan Oliy huquqiy hujjatimiz endilikda osuda va obod kelajagimiz, to‘kin turmushimiz uchun xizmat qilmoqda.  

Jumanazar Xolmo‘minov,

Termiz davlat universiteti yuridik fakulteti

 dekani, yuridik fanlari doktori, professor