Namanganda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Davlat hokimiyatini tashkil etish tizmini yanada isloh qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Koreya Respublikasi, Avstriya, Zambiya, Qozog‘iston davlatlaridan kelgan xalqaro ekspertlar, mahalliy huquqshunos olimlar, sudyalar, vodiy viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov, Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Mahmudjon Parpiyev, quyi parlamentning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqrolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafoyev, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda jamiyat hayotining barcha jabhasida tub o‘zgarishlar, izchil va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Xususan, manzilli ijtimoiy himoya tizimi yaratildi, iqtisodiyot erkinlashib, xususiy mulk egalari ko‘paydi, naqd pul, valyuta muammolari hal qilindi. Qo‘shni mamlakatlar bilan oramizdagi munosabatlar yaxshilanib, “berkilib qolgan eshiklar” ochildi. Parlamentarizm va sud-huquq sohasida demokratik o‘zgarishlar bo‘ldi. Xalqimiz tomonidan o‘tgan bir yil davomida bildirilgan 220 mingdan ziyod takliflar atroflicha o‘rganib ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda yurtimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yilmoqda.
[gallery-11457]
Davra suhbatida qayd etilganidek, yangilanayotgan Bosh qomusimiz xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Davlat hokimiyati tizimi yagona va yaxlit bo‘lib, hokimiyatning bir bo‘g‘inini modernizatsiya qilish uning boshqa tarmoqlarda ham islohotlarni taqozo qiladi. Shunga ko‘ra, tarmoqlar o‘rtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, parlamentning yuqori palatasi – Senat hamda Qonunchilik palatasining vakolatlari kuchaytirilmoqda. Ya’ni, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi beshtadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda.
Shu jumladan, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda. Qizg‘in muhokama va munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbirda aytib o‘tilganidek, markazda va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatida qat’iy tartib-intizom, mas’uliyat, natijadorlikni kuchaytirish maqsadida shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, Bosh vazir nomzodini Prezident Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari ma’qullagandan so‘ng lavozimga tayinlash tartibi joriy etilmoqda.
Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Mazkur yangi normalar bilan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki ta’minlanadi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari va funksiyalari, ularning oldida turgan barqaror iqtisodiy o‘sish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasidagi javobgarligi sezilarli darajada kengaytirilyapti.
Shuningdek, ilk marotaba Konstitutsiyada barcha darajadagi hokimlarning vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda. Qolaversa, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanmoqda. Endilikda viloyat va shahar, tumanda xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
– Bir qancha oliy ta’lim muassasalari rektorlari, xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan siyosiy anjuman qizg‘in ruhda o‘tdi. Men o‘zim Zambiya Respublikasi fuqarosiman. Uch yildan buyon O‘zbekiston zaminida oliy ta’lim sohasida faoliyatimni olib bormoqdaman, – deydi Yodju (Koreya) Toshkent universitetining Namangan filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Milimo Mundia. – O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan kabi yo‘nalishlarda kiritilayotgan o‘zgarishlar, qator normalar mamlakatingiz hayoti uchun, fuqarolarning erkinliklari uchun muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblayman. Aytish mumkinki, bugun O‘zbekiston jahonga baralla yuz tutib, o‘zining liberallashuvi, demokratik islohotlarning amalda qo‘llanishi bilan sezilarli islohotlarni ro‘yobga chiqarmoqda. O‘ylaymanki, bunday seminar-treninglar joylarda o‘z samarasini berib, bevosita aholining huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida qayd etilganidek, Yangilanayotgan Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosida odamlarni rozi qilish, xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA