Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi — inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning mustahkam poydevori” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Respublika ilmiy-amaliy anjumani Buxoro viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Anvar Rahmatov kirish so‘zi bilan ochib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va ahamiyati, uni o‘rganishning zarurati masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi A.Huseynova, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari, yu.f.d. A.G‘afurov, Toshkent davlat yuridik universiteti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (RhD), dotsent B.Narimonov, Buxoro viloyati sudining sudyasi Sh.Quvvatov, Buxoro davlat universiteti yurisprudensiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi dotsenti G‘. Yangiyev ma’ruzalari tinglandi.
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (RhD) Sh.Bahronov “Yangi Konstitutsiyadagi demokratik huquq va erkinliklar bilan bog‘liq normalarni hayotga tatbiq etish masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Prezidentimizning 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni bilan yangi Konstitutsiya ijrosini qanday ta’minlash masalasida chora-tadbirlar belgilab berilganligi masalalariga to‘xtaldi. Jumladan, farmonda davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash uchun shaxsan javobgar hisoblanishi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llanilishi, Konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka Konstitutsiyaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmaganligi vaji bilan qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlanishi belgilanganligi tushuntirib o‘tildi.
Konferensiya davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat va jamiyat boshqaruvi tizimidagi yondashuvni va faoliyat tamoyillarini tubdan o‘zgartirishga, Yangi O‘zbekistonda o‘zaro munosabatlarning asosi sifatida “davlat – jamiyat – inson” tamoyili o‘rniga “inson – jamiyat – davlat” g‘oyasini asos qilib qo‘yishga qaratilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya – yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganligi qayd etildi.
Zarif Komilov, O‘zA