Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Konstitutsiya – davlat g‘amxo‘rligining kafolatidir
18:17 / 2023-03-30

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Barno Mirzamova Namangan viloyatiga xizmat safari davomida, bo‘lajak muhim siyosiy jarayon oldidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini fuqarolarga keng tushuntirishga qaratilgan tashviqot tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Yangi Namangan tumanidagi 16-oilaviy poliklinika jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xalq noibi yangilanayotgan Konstitutsiyaning ahamiyati haqida keng tushuntirishlar berdi. Yig‘ilganlarga sog‘liqni saqlash sohasida Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar haqida batafsil ma’lumot berdi.  

– Har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi mavjudligi juda muhim. Fuqarolar zarur kezlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi alohida ahamiyatga ega. Shu sababli Konstitutsiyamizda fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekanligi begilanmoqda, – dedi Barno Mirzamova. – Bu juda muhim ijtimoiy kafolatdir. Chunki aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Konstitutsiyadan o‘rin olayotgan ushbu modda aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutadi.  

Ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan normaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, davlat o‘z fuqarolarining moddiy ahvolidan qat’i nazar kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan qamrab olinishini mustahkamlamoqda. Bu fuqarolar, ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi bo‘lmagan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga davlat g‘amxo‘rlik qilishdan to‘xtamasligini anglatadi. Kafolatlangan tibbiy yordamga oid normaning belgilanishi aholi, onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Muloqotda so‘zga chiqqan tibbiyot xodimlari yaqin o‘tmishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar, shifokor va hamshiralarni turli mavsumiy ishlarga jalb qilinishi oqibatida chekilgan mashaqqatlar, keyingi yillarda sohada kechayotgan islohotlar, pirovardida aholiga malakali tibbiy ko‘rsatish imkoniyatlari kengayib, tibbiyot xodimlarining mavqei ko‘tarilganligini ta’kidlashdi. Darhaqiqat, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi mazkur normalar aholi salomatligini ishonchli va malakali muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamova yangi tahrirdagi Qomus targ‘ibotini Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarida ham o‘tkazdi.  

Tadbir so‘ngida deputat barcha tibbiyot xodimlarini 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi referendumida faol ishtirok etishga chaqirdi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA