Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi konsepsiya loyihasi muhokamada
20:34 / 2025-11-17

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida Fuqarolik jamiyati institutlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ko‘mitasi raisi Sh.Otemisov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri E.Tursunov, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining bo‘linma boshlig‘i Z.Ibragimova “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilayotgan Fuqarolik jamiyati rivojiga oid yangi konsepsiya loyihasining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda 2026–2030 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish jarayoni boshlandi. Mazkur tashabbus “Yuksalish” harakati tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, muhokamalar ochiq, inklyuziv va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokida o‘tkazilmoqda.

[gallery-26295]

Konsepsiya loyihasi mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, hamda fuqarolarning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

Muhokamalarning asosiy maqsadi — hujjatni markazdan emas, balki joylardan boshlab, fuqarolarning o‘z tashabbuslari va takliflariga tayanib shakllantirishdir.

Tadbirda Fuqarolik jamiyatining hozirgi holati va rivojlanish imkoniyatlarini aniqlash, NNT larning huquqiy asoslari va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash (grantlar, subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar, ijtimoiy tadbirkorlik), davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish, ko‘ngillilik va mahalla tizimi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Fuqarolik jamiyati institutlarini raqamlashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ularning media makondagi faolligini oshirish kabi yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda. Ushbu muhokamalarda NNTlar, jamoat faollari, ijtimoiy tadbirkorlar, ilmiy muassasalar, davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari va faol fuqarolar keng ishtirok etishmoqda.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, muhokamalarda hudud bo‘yicha tizimlashtirilgan takliflar shakllantiriladi.Ushbu takliflar konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Jarayonning muhim jihatlaridan biri — faqat tanqidiy fikrlar emas, balki aniq yechimlar, amaliy takliflar va ijobiy tashabbuslarga urg‘u berishdir. Har bir hududda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlar, joylardagi tajriba va tashabbuslar inobatga olinmoqda.

Ushbu muhokamalar fuqarolik jamiyati institutlarining nafaqat ishtirokchisi, balki islohotlarning bevosita tashabbuskori ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan faol fuqarolik, ochiq boshqaruv va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqarish aynan shunday tashabbuskorlik orqali amalga oshadi.

Mazkur jamoatchilik muhokamalari Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi,  NNTlar milliy assotsiatsiyasi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi hududiy bo‘linmalari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.Ushbu hamkorlik fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, bir-biridan o‘rganish va yagona maqsad — ochiq, faol va adolatli jamiyat qurishga xizmat qilmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev, O‘zA muxbirlari