Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi konsepsiya loyihasi jamoatchilik muhokamasida
06:58 / 2026-01-08

Namanganda “2026-2030 yillarda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasi doirasida “Kuchli jamiyat – kuchli davlat kafolati” mavzusida yig‘ilish bo‘ldi.

Mazkur tashabbus “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi  tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, muhokamalar ochiq va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokida o‘tkazilmoqda. 

Yig‘ilish avvalida “Yuksalish” harakati markaziy apparati ijrochi direktori Asqarbek Mamatxonov taqdim qilinayotgan yangi konsepsiya Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, hamda fuqarolarning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilganligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda fuqarolik jamiyatining hozirgi holatini va rivojlanish imkoniyatlarini aniqlash, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy asoslari va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish, ko‘ngillilik va mahalla tizimi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, fuqarolik jamiyati institutlarini raqamlashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ularning media makondagi faolligini oshirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

– Muhokamalar joylarda bosqichma-bosqich o‘tkazilib, respublikaning 14 ta hududi bo‘yicha tizimlashtirilgan takliflar shakllantirildi, – deydi “Yuksalish” harakati Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi raisi, viloyat hokimining maslahatchisi, deputat Nargiza Muhammadiyeva. – Jarayonning muhim jihatlaridan biri faqat tanqidiy fikrlar emas, balki aniq yechimlar, amaliy takliflar va ijobiy tashabbuslarga urg‘u berishdir. Har bir hududda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlar, joylardagi tajriba va tashabbuslar inobatga olinmoqda.

Yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari uchun grant tanlovlarida alohida kvotalar va ustuvorlik berish, fuqarolik jamiyati institutlarining axloq kodeksini ishlab chiqish va tasdiqlash, xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarida va uning doimiy komissiyalari majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili ishtirokini joriy qilish, umumta’lim maktablarining yuqori sinflarida NNTlarga tegishli dars soatlarini kiritish kabi o‘ndan ortiq takliflar ilgari surildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.