Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi
14:47 / 2025-06-25

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan faxriy jurnalistlar va OAV xodimlari uchun davra suhbati hamda “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” va “Taniqli jurnalistlar maktabi” seriyasidagi yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda yurtimizda ommaviy axborot vositalari taraqqiyoti, milliy matbuot maktabi va jurnalistika sohasidagi yutuqlarni keng jamoatchilikka tanitish, sohaning fidoyi vakillarini ardoqlash hamda zamonaviy axborot muhitini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Har bir davrda matbuotning yuksalish nuqtasi, qiyinchiliklar va imkoniyatlar, jamiyatda tutgan o‘rni, so‘z erkinligi hamda mas’uliyat muvozanati o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘lgani ta’kidlandi. Milliy matbuotimiz har qanday davr va sharoitda xalq dardini eshita olgan va jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin egallab kelayotgani qayd etildi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida milliy OAVning huquqiy va moddiy asoslari mustahkamlangani, axborot maydonida raqobat va texnologiyalar tez sur’atda rivojlanayotgani, matbuotning mas’uliyat va ta’sir doirasi kengaygani alohida e’tirof etildi.

[gallery-24039]

Davra suhbati doirasida yurtimizda milliy jurnalistika maktabini shakllantirish va kitobxonlikni targ‘ib etish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Faxriy jurnalistlar va mutaxassislarning taklif va mulohazalari tinglandi hamda “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” va “Taniqli jurnalistlar maktabi” seriyasidagi yangi kitoblari xususida so‘z bordi.

–Bayram arafasida 2 ta katta hajmdagi har biri 600 betlik kitoblarning taqdimoti juda katta yangilik bo‘ldi, – dedi "O‘zbekiston nashriyoti" davlat unitar korxonasi bosh muharriri Muhiddin Omon. – Mazkur kitoblar shu kunga qadar yurtimizda jurnalistika sohasining oyoqqa turishi, shakllanishidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan davrlarni o‘zida qamrab olgan. Jumladan, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar – davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqot, axborot shaffofligi, jamoatchilik nazorati, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar xususida keltirilib o‘tilgan. 

Gulnoza Boboyeva, 
Oybek Pardayev, (surat), 
O‘zA