Guliston davlat universitetining madaniyat saroyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, sirdaryolik taniqli shoir, yozuvchi Muhammad Ismoilning "Lablaring ismimni aytsin" deb nomlangan kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori, professor Muhsin Xodjiyev Muhammad Ismoilning hayot yo‘li, ijodi, nazm, nasr va publitsistika yo‘nalishida yozilgan "Lablaring ismimni aytsin" nomli yangi kitobi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Kitob taqdimotida taniqli adiblar, jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va yozuvchi Abdusaid Ko‘chimov, “Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri, shoir Sirojiddin Rauf, professor Ravshanbek Mahmudov, tilshunos olim, fan nomzodi Inomjon Azimov, "Zulfiya" nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Zarnigor Abduolimova, "Mard o‘g‘lon" Davlat mukofoti sohibi Yorqinjon Hayitboyev va boshqa ijodkorlar so‘zga chiqib, Muhammad Ismoilning serqirra ijodi, asarlarida ko‘tarilgan hayotiy, real voqeliklar, she’riy kompozitsiyalariga to‘xtalishdi.

Tadbirda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari, Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Jizzax, Xorazm, Farg‘ona, Andijon viloyatlaridan ijodkorning do‘stlari, shogirdlari ham ishtirok etdi.
Kitob taqdimoti she’riy mushoiraga, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Karimboy Rahmonov, Asadillo Xoliqov, Guliston Davlat universiteti qoshidagi maqomchilar ansambli tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va raqslarga ulandi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan shoir qalamiga mansub qo‘shiqlar, Halima Hudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilarining ijodkor she’rlaridan namunalar o‘qigani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Bir so‘z bilan aytganda kitob taqdimoti nazm va navo kechasiga aylandi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri