Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YaNGI KITOB: “Chayqalgan qayiqlarda”
15:21 / 2019-09-26

“Sharq” nashriyoti tomonidan sevimli shoirimiz Abdulla Sherning “Chayqalgan qayiqlarda” nomli she’riy kitobi chop etildi.


“Sharq” nashriyoti tomonidan sevimli shoirimiz Abdulla Sherning “Chayqalgan qayiqlarda” nomli she’riy kitobi chop etildi.
Kitob zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, unga shoirning turli yillarda yozilgan, nafis tuyg‘ulari yo‘g‘rilgan she’rlari kiritilgan. 

Mitti kitobdan o‘rin olgan “Hayot go‘zal”, “Oq sukunat”, “Fonuslar”, “Dekabrning so‘ngi kunlari”, “Sevgi dunyosi”, “Opam haqida ballada”, “Tishsiz she’r”, “Muhabbat quchog‘ida” kabi she’rlarini o‘qisangiz, tuyg‘ularingiz yangilanadi, shoir ilhomidan yuragingiz taskin topib, ruhiyatingiz yengillashadi. 
“Chayqalgan qayiqlarda” kitobi quyidagi she’r bilan boshlanadi:

Kulib-kulib, yashadim qancha,
Yig‘lab-yig‘lab, qancha yashadim!
Haqiqatni dilga tukkancha,
Bu dunyoda ancha yashadim.

Musiqani sevib yurakdan,
Aylantirdim umrimni sozga;
Bitta bo‘lib quloq, yurak, tan,
Nom baxsh etdi nomsiz ovozga.

Olam kezdim yurtimni sevib,
Qadamimdan duv to‘kildi vaqt.
So‘zlarimni erk bilan yuvib,
Men o‘stirdim She’r degan daraxt.

Bir daraxtki, shamollarga ham 
Berar ovoz, berar ojiz til;
Bir daraxtki, xayollarga ham
Rang ulashib, qilar yam-yashil. 

Tebranadi mening daraxtim,
Mangu so‘lmas bog‘larga oshno.
Udir mening ildizli taxtim,
U so‘z bo‘lib evrilgan dunyo!