Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filialiga ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq nogironlikning oldini olishga yordam beruvchi pediatrik neonatal retinal kamera keltirildi.
Qiymati 1 milliard 500 million so‘m bo‘lgan mazkur tibbiy uskuna O‘zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklidagi “Erta tug‘ilgan chaqaloqlarni retinopoliyadan himoya qilish” loyihasi doirasida muassasaga taqdim etildi.
– Bu apparat erta tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydigan retinopatiya, ya’ni ko‘z to‘r kasalliklarining oldini olishda juda muhim, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filiali bosh vrachi Lola Hamroyeva.
[gallery-27219]
– Chala tug‘ilgan bolalar retinopatiyasi – bu ko‘z to‘r pardasining vazoproliferativ shikastlanishi bo‘lib, faqatgina muddatidan erta tug‘ilgan bolalarda uchraydi. Kasallik natijasida ko‘z to‘r pardasi, shishasimon tana va ba’zan gavharda o‘zgarishlar kuzatiladi. O‘z vaqtida davolanmasa, ko‘z ichida chandiqlar rivojlanishi va to‘r parda ko‘chishi sababli ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili chala tug‘ilgan 800 nafarga yaqin chaqaloqni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganimizda 90 nafarga yaqinida ko‘z pardasining shikastlanishi xastaligi aniqlangan. Shu paytgacha ushbu tashxis bilan tug‘ilgan bolalarni davolashda ancha eski uskuna bilan ishlashimizga to‘g‘ri kelar, ko‘pchilikni poytaxtga jo‘natishga majbur bo‘lar edik.
Endilikda ushbu zamonaviy jihoz yordamida kasallikni erta aniqlash va davolash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Xorazm, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi filiallarini pediatrik neonatal retinal kamera bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari