Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi jamoat transportlari xarid qilinadi
16:09 / 2024-10-16

Nurafshon shahrida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriq va ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida, yuqori saviyada ijro qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda kambag‘allikka qarshi kurashish, mehnat migrantlari bilan ishlash bundan buyon Toshkent viloyatida mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilandi. Bunda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik, raqam ortidan quvib, real amaliy ishdan qog‘ozbozlikka o‘ralashib qolishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaslik kerakligi mas’ullarga tushuntirildi.  

Endilikda, har bir shahar va tumanning hokimi kuniga kamida 20 nafar mehnat migranti bilan onlayn muloqot qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda migratsiyada yurgan xotin-qizlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva rahbarligida maxsus shtab tashkil qilinadi. Ular har bir xotin-qiz bilan shaxsan suhbatlashadi, mehnat sharoitlari, ijtimoiy-huquqiy muammolarini o‘rganadi. Xorijga ketganlarning xohishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytarish, iqtisod kompleksi orqali ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi.  

Ma’lumki, Toshkent viloyatida hozir 3 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda 1 ming 25 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Qiyoslash uchun, xuddi shuncha aholi salmog‘iga ega boshqa viloyatlarda mahallalar soni ancha kam. Quyi tizimda ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ijro apparati xodimlari sonini qisqartirish maqsadida, viloyatda mavjud MFYlar soni qisqartiriladi. Shu maqsadda viloyatdagi barcha MFYlar joylashuvi, aholi salmog‘i jihatidan qayta ko‘rib chiqiladi.  

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1 mingta yangi avtobus xarid qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Transport boshqarmasi aholi vakillarining fikrini o‘rgangan holda, barcha shahar va tumanlardan viloyatning ma’muriy markazi Nurafshon shahri va poytaxtga yangi qatnov liniyalari ishga tushiriladi. Bu yangi tashkil etilayotgan jamoat transport yo‘nilishlarining markazida Nurafshon shahri turishi lozimligi alohida qayd etildi.  

A.Musayev,O‘zA.