Joriy yilning 22 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan nashr etilgan “Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti xodimlari, shuningdek, Mudofaa vazirligi Markaziy apparati, respublika oliy harbiy ta’lim muassasalari (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Davlat xavfsizligi xizmati Akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti, Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona instituti) vakillari qatnashdilar.
Ta’kidlash joizki, qo‘shinlar faoliyatida qo‘llanilayotgan harbiy atamalarga nisbatan turli xil yondashuvlar mavjud. Bu xilma-xil yondashuvlar qo‘shinlar harakatini tashkillashtirish va boshqarish jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazib, bo‘ysinuvdagi qo‘shinlar jangovar qo‘llanilishini rejalashtirish, tashkillashtirish, tayyorlash, uni amalga oshirish jarayonida turli xil izohlash va farqlashga olib kelmoqda.
Ushbu izohli lug‘at ko‘p qo‘llaniladigan harbiy atamalar mazmunini umumiy shaklda, umumqabul qilingan nizomlar ta’riflaridan chetlanmagan holda yoritish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalar va oliy harbiy ta’lim muassasalari kundalik, jangovar (jangovar-xizmat) faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy aktlar, jangovar va boshqa hujjatlarda qo‘llaniladigan harbiy terminalogiyaning yagona tushunilishi va ishlatilishini tartibga soladi.
Ushbu izohli lug‘atdan harbiy xizmatchilarni professional va ijodiy tafakkurini rivojlantirishda, zamonaviy darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy tavsiyalar, xizmat shakliy hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy aktlar ishlab chiqishda samarali foydalaniladi.
Taqdim etilayotgan “Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan barcha harbiylashgan tizimlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari vakillariga bepul yetkaziladi.
O‘zA