Jizzaxning tarix va madaniyat qatlamlarini ochib beradigan yangi izohli lug‘at nashr etildi. Jizzax davlat pedagogika universiteti Filologiya fakulteti dotsenti Z.Abduvahobov hamda viloyat hokimligi maslahatchisi B.Mavlonov tomonidan tayyorlangan mazkur manba hudud toponimlarining kelib chiqishi, ma’naviy mazmun-qatlamlari va tilshunoslik jihatlarini ilmiy asosda yoritib beradi.
Mazkur taqdimotda mualliflar lug‘atni yaratish jarayoni, joy nomlariga oid yangi izlanishlar va avvalgi manbalarda uchramagan qishloq hamda hududlarning qisqacha tavsiflari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Ular ta’kidlashicha, kitobga yangi mahallalarning kiritilishi hamda hududlar bo‘yicha ilmiy yangiliklarning jamlanishi uning amaliy ahamiyatini yanada oshirgan.


Tadbir ishtirokchilari lug‘atni Jizzaxning boy tarixiy merosini o‘rganishda beqiyos manba sifatida baholab, uni to‘plangan bilim va ilmiy izlanishlarning muhim natijasi sifatida e’tirof etdilar.



Ma’lum qilinishicha, nashr Jizzax viloyati hokimligi, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda universitet hamkorligida 500 nusxada chop etilgan. Yaqin vaqt ichida lug‘atning elektron talqini ham keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri