Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi istirohat bog‘i ochildi
18:42 / 2025-06-02

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami munosabati bilan Toshkent viloyatining ko‘plab manzillarida yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Xususan, Chirchiq shahrida “O‘rmon istirohat bog‘i”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimligi mas’ullari, faollar, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar qatnashdi.

Dastlab shahar hokimi Murodjon Abdurahimov so‘zga chiqib, barchani bayram munosabati bilan muborakbod etdi. Endi zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan ushbu bog‘ hudud qiyofasiga ko‘rk qo‘shib, aholi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi. 

Qayd etilganidek, mazkur istirohat bog‘ini barpo etish ishlari 2022 yilda “International Beverages Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasi tomonidan boshlangan edi. Bugungi kunga qadar besh million dollardan ortiq investitsiya jalb etilib, 50 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Kelgusida yana qo‘shimcha 100 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi va aholi uchun turli ko‘ngilochar xizmatlar yo‘lga qilishi rejalashtirilgan.

Istirohat bog‘ida shahar aholisi va mehmonlarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, zamonaviy kirish yo‘lagi, bolalar maydonchasi, yoshlar uchun skeyt-park, yuqoriga ko‘tarilish devori, yangi aylanma ko‘prik, amfiteatr, salomatlik yo‘laklari, yashil xiyobonlar, oqqushli ko‘l, fotozonalar, kutubxona va bolajonlar uchun turli xil attraksionlar mavjud.

 Bundan tashqari, landshaft dizaynidagi tungi yoritish chiroqlari va qulay o‘rindiqlar kelganlar ixtiyorida.

Tantanali ochilish marosimida taniqli el suygan san’atkorlar o‘zlarining kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Tadbir yakunida osmonu falakni salyutlar yog‘dusi qurshab oldi. Unutilmas lahzalarga boy bo‘lgan bayram kechasi barchaga manzur bo‘ldi.

A.Musayev, O‘zA.