O‘zbekiston Respublikasi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.Jumanazarov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida elchi Yuy Szyun O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlik so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlab, mavjud sheriklik munosabatlari kelgusida yanada kengayishiga ishonch bildirdi.

Muzokaralarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar va texnik ko‘makni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv doirasida standartlashtirish, mahsulotlar sinovi hamda metrologiya sohalarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan dolzarb loyihalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Tomonlar Xitoy Bozorlarni tartibga solish administratsiyasi, Xitoy Standartlashtirish tashkiloti, Xitoy Milliy metrologiya instituti, Xitoy Sifat sertifikatlashtirish markazi, Xitoy akkreditatsiya idorasi hamda Xitoy Avtomobil texnologiyasi va tadqiqot markazi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida to‘xtaldi. Ushbu yo‘nalishlarda tomonlarning ulkan salohiyatidan samarali foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, eksport-import mahsulotlariga qo‘yiladigan talablarni muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA