El sog‘ligi – yurt boyligi
Xalqimiz farovon hayot kechirishi, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida alohida ustuvorlik kasb etadi. Keyingi yillarda bu borada olib borilayotgan xayrli ishlar ko‘lami tobora quloch yozib aholi salomatligini mustahkamlashda muayyan natijalarga erishilmoqda.

Namangan viloyatida ham sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini xalqaro andozalarga mos ravishda oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Bugungi kunda viloyatda faoliyat yuritayotgan 800 dan ziyod tibbiyot muassasalarining 242 tasi davlat tasarrufiga tegishli bo‘lsa, 569 tasi esa xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelada. Ularda 50 ming nafarga yaqin shifokor, hamshira va kichik tibbiyot xodimlari xizmat qilmoqda.

– Sohada kechayotgan islohotlardan maqsad yurtdoshlarimizga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga erishish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va davolash ishlarini jahon andozalariga yetkazishdan iboratdir, – deydi Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov. – Joriy yil avvalida, ushbu maqsadlar aks etgan alohida dastur ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich bajarilmoqda. Jumladan, birlamchi tizim faoliyatini tubdan o‘zgartirish va tobora takomillashtirishga alohida urg‘u berilmoqda. Viloyat tibbiyoti 2026 yil oktyabr oyidan e’tiboran davlat tibbiy sug‘urtasi asosida xizmat ko‘rsatishga o‘tadi. Barcha ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalar hamda oila shifokorlik punktlarida yangi tartibda faoliyat ko‘rsatishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Xodimlarning malakasi oshirilibgina qolmasdan, tibbiyot maskanlari sharoitlari yaxshilanib, moddiy-texnik imkoniyatlar kengaymoqda.

Ta’kidlash o‘rinli, sog‘liqni saqlash tizimi yil sayin yangi boshqaruv mexanizmlari, tatbiq etilayotgan zamonaviy diagnostika va davolash standartlari asosida ravnaq topmoqda. Bu esa tibbiyot xodimlari bilim va malakasini muttasil o‘stirish zaruriyatini yuzaga chiqarmoqda. Shu bois ham soha kadrlari zahirasini to‘ldirish asnosida, tibbiyot xodimlari kasbiy mahoratini oshirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Shu yilning o‘zida o‘nlab mutaxassislar Yevropa va Mustaqil davlat hamdo‘stligi mamlakatlaridagi bir qator tibbiyot markazlarda malaka oshirib qaytdi. Yaqinda viloyat markazida “Travmatologiya va ortopediya muammolarini hal qilishda yangi yo‘nalishlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham namanganlik shifokorlar uchun o‘ziga xos bilim va tajriba almashish imkoniyatini taqdim etdi.
Italiya, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Turkiya, Koreya kabi davlatlardan kelgan 270 dan ziyod mutaxassis va ekspertlar hamda 60 dan ortiq tibbiyotchi olimlar ishtirokidagi ilmiy ma’ruzalarda sohaga oid jahon yangiliklari bilan tanishilgan bo‘lsa, shifoxonalarda olib borilgan yuzdan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarida o‘ta murakkab xastaliklar bartaraf etildi.

– Albatta, soha ishini yangi bosqichga ko‘tarish uchun yana bir omil muhim ahamiyatga ega. Tibbiyot maskanlarini davr talablariga monand ravishda qayta qurish va imkoniyatlarni kengaytirish lozim, – deydi viloyat bosh shifokori Abdulxodi Iminov. – Hozirda, Namangandagi oltita davolash-profilaktika muassasasida investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun davlat byudjetidan 54 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali, Davlatobod va Yangi Namangan tumanidagi tibbiyot muassasalari ana shular jumlasidan. Kelasi yilda yana 12 ta ob’ekt dasturga kiritilmoqda. Bu maqsadga yo‘naltiriladigan mablag‘ ham deyarli ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda Namangan viloyatida Prezidentimizning 2025 yil 19 maydagi “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimi boshqaruvining yangi modeli joriy etilmoqda.
Hozirda, Chortoq tumanida ushbu yangilik tatbiq etilmoqda. Sobiq tuman tibbiyot birlashmasi tuman sog‘liqni saqlash bo‘limiga aylantirildi. Uning tarkibida 20 ta turli tipdagi poliklinikalar shakllandi. Tibbiyot maskanlari sharoitini yaxshilash va imkoniyatlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Kadrlar zahirasini yaratish va tibbiy xizmatni tubdan takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda.
Yangicha sharoit va talablar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatishga o‘tilganligi odamlarni rozi qilayotgani “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyili asosidagi ezgu maqsadga intilishlar beqiyos samara berayotganidan dalolat beradi. Zotan, xalqimiz manfaati, sog‘lom turmushi yo‘lidagi xayrli ishlar bardavomdir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.