Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi islohotlar sud-huquq tizimida: zamonaviy jarayonlar va istiqbol
15:10 / 2026-01-05

Huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda sud hokimiyatining o‘rni beqiyosdir. Sud hokimiyati mustaqilligi, ochiqligi va samaradorligini ta’minlash fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning asosiy kafolatlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar sud-huquq sohasini ham qamrab olmoqda. 

Jamiyat hayotida raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi sud tizimi faoliyatini ham zamonaviy axborot texnologiyalari asosida qayta tashkil etish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu nuqtai nazardan, sud ishlarini yuritishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalasi alohida ahamiyatga ega.

Islohotlar natijasida sud tizimida yangi institutsional yondashuvlar shakllanib, sud qarorlarining xolisligi va barqarorligini ta’minlashga xizmat qilayotgan huquqiy asoslar mustahkamlandi.

2025 yil 21 avgustda qabul qilingan 140-sonli Prezident farmoni sud ishlarini yuritishni raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha muhim huquqiy asos yaratdi. Mazkur farmonda sud faoliyatini avtomatlashtirish, sud ishlarida qog‘oz hujjat aylanmasidan bosqichma-bosqich voz kechish hamda elektron tizimga to‘liq o‘tish vazifalari belgilandi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali sud ishlarini ko‘rib chiqish jarayonlarini tezlashtirish, sud xarajatlarini hisoblash, sud hujjatlari loyihalarini tayyorlash kabi funksiyalarni avtomatlashtirish imkoniyatlari yaratilmoqda.

“Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish fuqarolarning sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish va sud xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Ushbu konsepsiya doirasida sudga elektron murojaat yuborish, sud majlislarida masofadan ishtirok etish, ish materiallari bilan elektron shaklda tanishish, sud xarajatlarini onlayn hisoblash va to‘lash, ijro hujjatlarini avtomatik ravishda ijroga yuborish mexanizmlari joriy  etilmoqda.

Bu o‘zgarishlar sud jarayonlarida inson omili ta’sirini kamaytirish, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur farmon bilan sud sohasini raqamlashtirishning istiqboldagi rejalari ham tasdiqlangan, ya’ni, 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi orqali 2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish; 2025 yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish; 2026 yil 1 yanvardan boshlab «my.sud.uz» interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish; 2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish; 2026 yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Sud mustaqilligini ta’minlash huquqiy davlat barpo etishning muhim sharti hisoblanadi. Sud tizimida raqamlashtirish jarayonlari sudyalarning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash, qaror qabul qilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya omillarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, sud ishlarini elektron shaklda yuritish jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va sud faoliyatiga nisbatan ishonchni oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, Prezidentning 2025 yil 24 noyabrda qabul qilgan “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu islohotlarning muhim bosqichi sifatida e’tirof etilmoqda.

Farmonga ko‘ra, sudyalarni tayinlash tartibi ikki bosqichli qoidalar asosida amalga oshiriladi: dastlab 5 yillik muddatga, keyin esa muddatsiz lavozimga tayinlash. Shuningdek, tumanlararo, tuman va shahar sudlari raislari hamda ularning o‘rinbosarlari lavozimlari uchun ochiq tanlov tizimi joriy etilgan. Bu jarayonda nomzodlar aniq mezonlar asosida baholanadi va ularning kasbiy layoqatliligi, sudyalik odob-axloq qoidalariga rioya qilish darajasi hamda shaxsiy halollik sifati e’tiborga olinadi.

Sudyalar oliy kengashining doimiy faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlari sudyalar malaka hay’atlari tavsiyasi asosida ko‘rib chiqiladi. Bu qoidalar sudya sifatida kamida 7 yillik tajribaga ega shaxslar uchun mos keladi. Shu bilan birga, Kengash va sudyalar oliy malaka hay’atining qo‘shma yig‘ilishlari bekor qilingan, bu esa mustaqillikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Kengash raisi esa sudyalarga nisbatan intizomiy choralarni ko‘rishda adolat va qonuniylikni ta’minlash vakolatiga ega bo‘ladi.

2025 yil 15 dekabrdan boshlab Kengashning rasmiy veb-saytida barcha sudyalik lavozimlari va ularga nomzodlarni tanlash jarayoni ochiq e’lon qilinadi. Shuningdek, “Raqamli hukumat” tizimi Kengash axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi, bu esa nomzodlar haqidagi ma’lumotlarni talab darajasida ta’minlaydi. Kengash majlislarida yopiq ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonlari raqamli texnologiyalar orqali amalga oshiriladi.

Farmon sudyalarga nisbatan intizomiy ishlarni ko‘rishda ularning huquqini himoya qilish va qonun doirasida adolatli choralar qo‘llashni nazarda tutadi. Shuningdek, sudyalar korpusida gender tengligini ta’minlash maqsadida Odil sudlov akademiyasi kasbiy qayta tayyorlash kurslariga xotin-qizlar uchun maxsus kvota joriy etilgan.

Shuning bilan birga joriy yilning 26 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, inson qadrini eng oliy qadriyat sifatida qaror toptirish borasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar, erishilgan yutuqlar hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan yuksak e’tiroflar alohida ta’kidlab o‘tildi. 

Ushbu jarayonda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani davlat rahbari tomonidan alohida qayd etildi.

Mazkur Murojaatnomaga ko‘ra, 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi.

Murojaatnomaning oltinchi ustuvor yo‘nalishi bu – sud-huquq islohotlari bo‘lib, unga ko‘ra bir qator istiqboli islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, “Raqamli sud” konsepsiyasi doirasida tergovdan boshlab sudga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar sun’iy intellekt texnologiyalari orqali avtomatlashtiriladi. Bu inson omilini qisqartirish va ishlarni tezkor va samarali yuritish imkonini beradi.

Murojaatnomada ta’kidlanishicha, yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi.

2026 yildan boshlab tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish va bekor qilish huquqi beriladi. Shu bilan birga, jamoatchilik ishtirokini oshirish orqali odil sudlov jarayonlari shaffofligi ta’minlanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. O‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuv keltirishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar mahalliy jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi, sud hukmining adolatliligi va ochiqligini ta’minlaydi.

Fuqarolar va tadbirkorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish uchun sud qarorlarini samarali ijro etish zarur. Shu maqsadda majburiy ijro jarayoniga raqamli texnologiyalar kiritiladi, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foiz inson omilisiz amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda sud-huquq tizimini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan islohotlar odil sudlovni ta’minlashning zamonaviy va samarali mexanizmi sifatida namoyon bo‘lmoqda. “Raqamli sud” konsepsiyasining izchil amalga oshirilishi sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda sud tizimi faoliyatining ochiqligini, samaradorligini oshirishga, adolatli, mustaqil va xalqqa yaqin sud tizimining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. 

D.Abduqodirova, 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha 

Uchtepa tumanlararo sudyasi.