FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida “Sadaf sut” oilaviy korxonasining yangi zavodi ishga tushirildi. Umumiy qiymati 2,7 million AQSH dollarilik “Sadaf sut smons” loyihasi asosida qurilgan mazkur korxonada pishloq va turli sut mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Yangi ishlab chiqarish quvvati 100 kishini ish bilan ta’minlaydi. Hozirgi kunda korxonada ish o‘rinlari soni 350 nafarga yetgan bo‘lsa, yaqin istiqbolda bu raqam 600 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
[gallery-25098]
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etgan tantanali marosimda ramziy lenta qirqilib, ish jarayoni va mahsulotlar namoyish etildi. Yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar natijasida iqtisodiyot tobora mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Korxona rahbari Saidqosim Qoraboyev kelgusida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali faoliyatni yanada kengaytirish niyatida ekanini bildirdi.
Bugungi kunda zavodda Turkiya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida 38 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvat 3 ming 650 tonnaga yetkazilishi, shuningdek mahsulotning 10 foizi eksportga yo‘naltirilishi belgilangan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA