Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi ishga tushirilgan Chirchiq dehqon bozorida qulayliklar yaratildi
17:25 / 2021-05-03

Qaror va ijro

bugungi kunda Toshkent viloyatining barcha joylarida bo‘lgani kabi Chirchiq shahrini ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy soha ob’ektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash orqali aholiga qulay sharoit yaratilmoqda.

Xususan, shaharning "Baxt" mahalla fuqarolar yig‘inida ham 180 o‘ringa mo‘ljallangan 7-sonli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida viloyat hokimi Davron Hidoyatov, shahar hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari va hudud faollari qatnashdi.

 Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda bolajonlarni har taraflama barkamol kamolga yetkazish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylangan. To‘rt yil oldin Chirchiq shahrida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish 30 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu 80 foizni tashkil etgan.  

Mazkur bog‘cha 1947 yilda qurilgan bo‘lib, u bir necha yillardan buyon ta’mirtalab ahvolga kelib qolgandi. Prezidentimizning 2018 yil 19 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq dasturga kiritilgan bo‘lib, bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi va sog‘lom voyaga yetishi uchun keng imkoniyat yaratildi.  

Jumladan, bog‘cha binosi, barcha xonalar zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Ayni paytda muassasada faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlar tomonidan bolajonlar kundalik mashg‘ulotlardan tashqari turli to‘garaklarga ham jalb etilgan. Binolar atrofiga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Tadbir ishtirokchilari bog‘chada yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Bolajonlar uchun tantanali konsert dasturi tashkil etildi.  

Shuningdek, viloyat hokimi shaharda qurilgan yangi bozorning ochilish marosimida ham ishtirok etdi.  

Ma’lumki, shu paytga qadar “Chirchiq dehqon bozori” MCHJ ma’nan eskirgan holatda faoliyat yuritayotgan edi. Bu yerda tadbirkorlar va xaridorlar uchun yetarlicha qulaylik yaratilmagan bo‘lib, 300 o‘rinli savdo o‘rni bor edi, xolos.  

Prezidentimizning 2017 yildagi qaroriga asosan, Chirchiq shahar Sh.Rashidov ko‘chasida joylashgan “Chirchiq dehqon bozori” MCHJ hududida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

– Endilikda dehqon bozorida savdo-sotiq qilish uchun barcha qulaylik mavjud, – deydi “Chirchiq dehqon bozori” MCHJ rahbari Ubaydulla Shermatov. – Yangi bozor loyihasiga ko‘ra, viloyat Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi bilan kelishilgan jami 3,90 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan dehqon bozori ma’muriyatiga ajratib berilgan. Birinchi bosqichda 1 ming 200 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, keyingi bosqichda yana 1 ming 100 ta ish joyi tashkil etiladi. Buning uchun tijorat bankida 6,5 milliard so‘m, tadbirkorlarning 18 milliard so‘m xususiy mablag‘i ajratildi. Joriy yilning may oyi oxirida 216 tadan 120 ta do‘kon to‘liq qurib bitiriladi. Qolgan 96 ta savdo do‘koni kuz oylarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 700 o‘rinli avtoturargohni ham foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.  

Bozor qurilishini kuzatish asnosida, viloyat hokimi mahsulotlar narxi, jumladan, hozirgi kunda e’tirozlarga sabab bo‘layotgan yog‘ narxini ham tanqid qildi. Xususan, bozordagi mahsulotlarning bahosini sun’iy ko‘tarmaslik chora-tadbirlarini ko‘rish kerakligi uchun mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.  

A.Musayev, O.G‘ulomov(surat), O‘zA