French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash – pirovard maqsad
15:30 / 2024-02-19

Munosabat

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan ikki barobar, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish belgilangan. Kambag‘allikka tushish xavfi mavjud bo‘lgan 4,5 million aholi daromadini oshirish, ijtimoiy sheriklik asosida 500 ming malakali mutaxassis tayyorlash maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari hududlarga  tashriflari davomida ham aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratadi. Jumladan, joriy yilning 15-16 fevral kunlari Andijonga amalga oshirilgan tashrif davomida viloyat aholisi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar holati va sifati bilan yaqindan tanishdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, oldingi tashriflar davomida belgilab berilgan vazifa va chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida viloyatda ishsizlik darajasi 7 foizga kamaygan. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshib, 225 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgan.

Ammo Adijon viloyatining mard va olijanob, mehnatkash aholisi salohiyati hamda hali ishga solinmagan imkoniyatlar hisobga olinsa, yanada yuqori marralarga erishish, ishsizlik davrajasini batamom bartaraf etish imkoniyatlari mavjud. Shu bois tashrif davomida Prezidentimiz tomonidan viloyatdagi 400 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash yo‘nalishda qilinishi lozim bo‘lgan galdagi vazifalar belgilab berildi.

Xususan, ishsiz aholi va yoshlar kasb-hunarga o‘qitiladi hamda Xitoy tajribasi asosida mahallalar chetida issiqxonalar tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarga bo‘lib beriladi.

Ma’lumki, Andijon viloyati nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqa davlatlari orasida ham avtomobilsozlik sohasida yetakchi hisoblanadi. Ayni kunda viloyatda avtomobilsozlik yo‘nalishida 12 ta yirik va 160 dan ortiq mahalliy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 17 ming aholi bandligi ta’minlangan. Endilikda buni yanada oshirish uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida mahallalarda ishlab chiqarish kengaytiriladi. Buloqboshi tumanida keramik plita, Marhamat va Baliqchi tumanlarida chinni buyumlar korxonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 100 foizga yetkaziladi, 2024 yilda 150 million dollarlik bo‘yash va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihalari yakunlanib, 6 mingta ish o‘rni yaratiladi. To‘qimachilik korxonalariga Italiyadan dizaynerlar olib kelinadi. Bu esa mahsulotlarni sifatli va xalqaro standartlar darajasida ishlab chiqarish imkonini beradi.

Shu bilan birga, viloyatda murakkab tarkibli dori va tibbiy buyum ishlab chiqarish bo‘yicha 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasasi bilan birga farmatsevtika klasteri tashkil qilinadi. Ushbu 7 ta loyihaning amalga oshirilishi natijasida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholi salomatligini asrash, sifatli dori vositalarini ishlab chiqarish borasida ham muayyan natijalarga erishiladi.

Viloyatda aholi bandligi ta’minlashdagi yana bir muhim soha – bu qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidir. Sababi viloyat dehqonlari qishloq xo‘jaligi, xususan, paxtachilik yo‘nalishida ham katta maktab yaratgan. Galdagi vazifa yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘liq qayta ishlash orqali aholi daromadini oshirish sanaladi. Bu jarayonni “Asaka tekstil” klasterining to‘qimachilik korxonasi misolida ham ko‘rish mumkin. 2022 yil avgustda ishga tushirilgan korxona bugungi kunda 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq “zanjir” asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xususan, klaster tizimida Andijon viloyatining Ulug‘nor va Jalaquduq tumanlari hamda Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 11 ming 200 gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Shundan 2 700 gektarida tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. “Asaka tekstil” klasterining to‘qimachilik korxonasiga Shveysariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni bo‘yash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eng muhimi, korxonada 3 ming 200 kishi bandligi ta’minlangan.

Umuman olganda tashrif davomida energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va infratuzilma kabi muhim sohalarda boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, munosib mehnat haqiga ega bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashga oid qator vazifa va rejalar belgilab berildi. Ushbu rejalarning hayotga tatbiq etilishi men kabi barcha andijonliklarni quvontirib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida bir jonu, bir tan bo‘lib ishlashga undaydi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA