English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi ish o‘rinlari, yangi imkoniyatlar
13:52 / 2026-01-06

Bugungi kunda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijalari tuman va mahallalar kesimida ham yaqqol sezilmoqda. Har bir hududda yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilayotgani, yosh tadbirkorlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani iqtisodiyotimizda muhim o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda.

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Yangiturmush mahallasida istiqomat qiluvchi Sherali Rahmatov ham mana shunday tashabbuskor yoshlardan. U hokim yordamchisining tavsiyasi bilan imtiyozli bank krediti hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sex tashkil etdi.

Mazkur sexda bugungi kunda penablok mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Qurilish sohasi rivojlanib borayotgan hozirgi sharoitda bu mahsulotlarga talab yuqori bo‘lib, ichki bozor ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirda korxonada uch nafar mahalliy yosh doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Tadbirkor kelgusida ishlab chiqarish hajmini kengaytirib, qo‘shimcha yana to‘rtta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan.

– Bizning maqsadimiz nafaqat oilamiz daromadini oshirish, balki mahalladoshlarimizni ham ish bilan ta’minlash. Bugun boshlagan ishimizni ertaga kengaytirib, yangi uskunalar olib kelishni, faoliyatni yanada samarali yo‘lga qo‘yishni ko‘zlaganmiz. Yaratilgan imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlar biz yosh tadbirkorlar uchun katta dalda bo‘lmoqda, –deydi Sherali Rahmatov.

Darhaqiqat, bunday tashabbuslar nafaqat bir oilaning turmush darajasini yaxshilash, balki butun mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Ish o‘rinlari yaratilishi, yoshlarning bandligi ta’minlanishi va mahalliy mahsulot ishlab chiqarilishi bularning barchasi mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadamlardandir.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.