Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Aziza Aminova Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan “Full Cotton” korxonasi faoliyati va korxonada ishchi- xodimlar uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv davomida deputat so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratayotgan, aholi daromadlarini oshirishga va bandligini ta’minlashga ulkan hissa qo‘shayotgan tadbirkorlik sohasi vakillarining yutuqlarini alohida qayd qilib o‘tdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, minglab yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan tadbirkorlarimiz soni kundan-kunga oshib bormoqda.
Jumladan, tekstil sanoati sohasiga doir qator yangi qonunlar qabul qilinib, tadbirkorlarga bir qator imtiyoz va qulayliklar yaratilishi natijasida o‘z mahsulotlarini chet el bozorlariga eksport qilib, xaridorlar ishonchini qozonib kelayotgan tadbirkorlar soni ko‘paymoqda.

“Full Cotton” tekstil korxonasi ham ana shunday korxonalardan biridir. Ushbu korxonaning tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, bu yerda 15 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, MDH davlatlariga eksport qilinmoqda. Hozir korxonada 300 nafarga yaqin mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlangan.
Kelgusida yangi asbob-uskunalar xarid qilish orqali 200 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri