Avval xabar berganimizdek, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi davomila viloyat hokimi R.Xolmatov viloyat ahliga qilayotgan murojaatida joriy yilning o‘tgan davrida aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtaldi.
Xususan, viloyat bo‘yicha o‘tgan 11 oyda 38 ming 276 ta doimiy ish o‘rni tashkil etildi. Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha yanvar-noyabr oylarida 3 294 nafar ishsiz, band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi.
- Viloyatimizda bugungi kun holatiga mehnat resurslari soni 1,6 million kishini tashkil etmoqda, - dedi viloyat hokimi R. Xolmatov. - Shundan, iqtisodiy faol aholi 1 million 343 nafar bo‘lib, band aholi soni 1 million 193 ming kishini tashkil etadi. Ishsizlik darajasi yil boshiga nisbatan 1,9 foizga kamayishiga erishildi. Yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida viloyat bo‘yicha 37 ming 661 ta ish o‘rni yaratilib, yillik belgilangan prognoz 116 foizga bajarildi.
Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari dasturlari asosida tashkil etish maqsadida birgina 2019-2020 o‘quv yili davomida Germaniya, Janubiy Koreya va Rossiya davlatlaridan 30 nafardan ortiq xorijiy mutaxassislar jalb etildi.

Yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida 2020 yilda 11-sinf bitiruvchilarining 1 ming 530 nafari xorijdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.
2020 yil boshida 273 ta turizm ob’ektlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan 11 oyi davomida 249 ta yangidan tashkil etildi. Xususan, Parkent tumanining Kumushkon qishlog‘ida respublikada birinchilardan bo‘lib “Turizm qishlog‘i” loyihasi boshlandi.
Yil yakuniga qadar optik tolali aloqa liniyalari uzunligi 3 ming 800 kilometrga yetdi. Joriy yilda viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlarini internet aloqasi bilan ta’minlanishi bo‘yicha viloyatdagi 889 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan 80 foiz yuqori tezlikdagi internet aloqasiga ulandi. Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, tibbiyot muassasalari internet aloqasi bilan ta’minlangan.
Sessiyada joriy yilda foydalanilmagan imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi. Kelgusida ularni bartaraf etish yo‘l-yo‘riqlari belgilab olindi. Deputatlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha berildi.
A. Musayev, O‘zA