“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi Tolimarjon IESda zamonaviy energetika texnologiyalari asosida dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda 1065 MVt quvvatga ega zamonaviy bug‘-gaz qurilmasini barpo etish ishlari yakuniy bosqichga yetdi. Ushbu loyihaning qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Prezidentimizning energetika sohasiga bo‘lgan yuksak e’tiborlari natijasida bugungi kunda mamlakatimizda barpo etilayotgan zamonaviy investitsiya loyihalari qatorida Tolimarjon IESda qad rostlayotgan bug‘-gaz qurilmalari ham ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi. Loyihaning umumiy quvvati 1065 megavatt va loyiha qiymati 944,87 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, O‘zbekiston respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari tomonidan moliyalashtirilayotgan, mamlakatimiz energetika sohasidagi mega loyihalar qatorida turuvchi ushbu energoinshoot qurilishi Ispaniyaning “Intesa Ingenieria Industrial S.A., Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” hamda Turkiyaning “Çalık Energy” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
[gallery-26264]
Ushbu bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilgach, korxona yiliga 8 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va yuqori tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hisobiga yiliga 300 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Bu yangi investitsion loyiha Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini va yana ko‘plab aholi punktlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu bug‘-gaz qurilmalari ishga tushirilgach, korxonada qo‘shimcha 200-250 ishchi o‘rni yaratiladi. Bu loyiha bo‘yicha birinchi bug‘-gaz qurilmasi 2025 yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu bug‘-gaz qurilmalariga o‘rnatilayotgan uskunalar Yaponiya, Koreya, Xitoy va AQSH kabi yetakchi mamlakatlardan keltirilgan bo‘lib, avtomatlashtirilgan holda boshqarilishi va energotejamkorligi bilan ahamiyatlidir.
Qurilmalardagi ikkita gaz turbinalarning har biri 385 MVtni, bug‘ turbinalari esa 185,7 MVtni tashkil etadi.
Hozirgi paytda qurilishdagi ishchi xizmatchilarning soni 2 ming 504 kishidan iborat bo‘lsa, shulardan 504 nafarini chet ellik mutaxassislar tashkil etadi. Shuningdek, qurilish jarayonlariga 96 dona maxsus texnikalar va mexanizmlar ham jalb etilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2020 yil 18 dekabrdagi “Tolimarjon IES”AJni umumiy quvvati 900 megavattdan kam bo‘lmagan navbatdagi 2 ta bug‘-gaz qurilmalarini qurish bilan kengaytirish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari