Prezidentimizning 2022 yil 5 oktyabrdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan yangi oliy ta’lim muassasasi – Namangan to‘qimachilik sanoati institutida 2023/2024 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonlarining tashkil etilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokidagi anjumanda institut rektori, qabul komissiyasi raisi, texnika fanlari doktori Qurbonali Xoliqov bakalavriat yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat granti kvotalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Farg‘ona vodiysi to‘qimachilik va tekstil sohasi uchun zarur kadrlarni yetishtirib berishni o‘z oldiga maqsad qilgan Namangan to‘qimachilik sanoati institutiga bakalavriat yo‘nalishi kunduzgi ta’lim shakli uchun 80 ta, magistratura bosqichi uchun esa 24 ta davlat byudjeti hisobidan kvotalar ajratilgan. Yangi o‘quv yili uchun umumiy hisobda 500 nafarga yaqin abituriyent o‘qishga qabul qilish rejalashtirilgan. Institutda to‘rtta yangi zamonaviy ta’lim yo‘nalishi ochildi. Yangi oliy o‘quv yurtida ilmiy darajalarga ega bo‘lgan 132 nafar turli darajadagi fan doktorlari faoliyat yuritadi.
Xitoyning nufuzli universitetlaridan biri bilan hamkorlikda “3+1” qo‘shma ta’lim dasturi doirasida xalqaro darajadagi mutaxassis kadrlarni o‘qitish ham yo‘lga qo‘yiladi. Bunda o‘qishga qabul qilinadigan talabalar O‘zbekistonda xitoylik professorlardan ta’lim olish asnosida o‘qishning so‘nggi bosqichini Xitoyda o‘tkazadi. Davlatobod tumanidagi “Gulobod” MFY, Janubiy aylanma yo‘lida joylashgan Namangan tadbirkorlikni tashkil etish texnikumi o‘quv binolarida faoliyatini boshlagan institut uchun 60 milliard so‘m mablag‘ evaziga qo‘shimcha 1000 o‘rinli yangi o‘quv binosi va 600 o‘rinli o‘quv ustaxonasi barpo etiladi.

Anjumanda institutning dizayn ta’lim yo‘nalishi uchun ijodiy imtihonlarni o‘tkazish tartiblari, shuningdek, yangi ochilgan ta’lim yo‘nalishlarining istiqbollari, malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, o‘quv jarayonlarini xorijiy ilg‘or oliy o‘quv yurtlarining dasturi to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi. Namangan to‘qimachilik sanoati institutida ta’lim jarayonlari ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuv asosida “4+2” tizimi orqali tashkil etilishi bu orqali esa bitiruvchilarning ijtimoiy himoyasi hamda kasbiy mahoratiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.