Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi institutda fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasi ta’minlanadi
15:41 / 2021-10-30

Munosabat

Mamlakatimizda har birimiz, ayniqsa ta’lim uchun mas’ul jamoalarda mehnat qilayotgan ziyolilar sohadagi katta yangiliklar, o‘zgarishlar, yutuqlar bilan g‘ururlanib, ertangi kunga yuksak ishonch bilan mehnat qilyapmiz desam, adashmagan bo‘laman. Zero,  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Agar, biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyat o‘zgaradi” deganlari bejis emas, albatta.

Keyingi yillarda mamlakatimiz bo‘ylab barcha sohalarda bo‘lgani kabi, agrar sektorni ham yalpi va tizimli transformatsiya qilish, ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish bo‘yicha tizimli islohotlar boshlandi.

Mamlakatimizning janubiy mintaqasida qishloq xo‘jaligi tarmog‘i ulkan salohiyat, qadimiy tajriba va boy an’analarga ega. Lekin, hamon agrar soha tarmoqlarida innovatsion resurs tejamkor texnika va texnologiyalar, intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llay oladigan, qishloq xo‘jaligi ekinlarida hosildorlikni oshirish, ularning seleksiyasi va urug‘chiligini tashkil etish, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, issiqxona va o‘rmonchilikni tashkil etish bo‘yicha yangi va zamonaviy bilimlarga ega oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj saqlanib qolmoqda.

2017 yilda Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialining ochilishi janubiy mintaqada qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassis-kadrlar tayyorlash imkoniyatini yaratish bilan birga o‘ylaymanki, ayni sohada ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlar va ularning ota-onalarini mamnun etdi.

Qisqa fursatda qo‘shimcha 1000 o‘rinli o‘quv bino, 240 o‘rinli talabalar turar joyi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi o‘quv binoda qishloq xo‘jaligi fanlarini o‘qitishda muhim sanalgan 8 ta zamonaviy o‘quv laboratoriyalari to‘liq jihozlanib, qo‘shimcha Jahon banki mablag‘lari hisobidan 4 ta o‘quv laboratoriya jihozlari olib kelinib, foydalanish uchun talaba yoshlar ixtiyoriga topshirildi.

Hozirgi kunda 3 ta fakultet va 9 ta kafedrada 150 dan ortiq professor-o‘qituvchi 20 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 8 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha uch mingga  yaqin talabaga ta’lim-tarbiya bermoqda. Quvonarlisi, 2021 yilda 9 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha agrar sektorga o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladigan dastlabki 343 nafar bitiruvchi o‘qishni tamomlab,mustaqil hayotga yo‘llanma oldi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkilot va korxonalar ehtiyojlarini o‘rgangan holda yangidan Agronomiya (anorchilik), Buxgalteriya hisobi va audit (qishloq xo‘jaligida), Iqtisodiyot (qishloq xo‘jaligida), Zooinjeneriya, Veterinariya meditsinasi, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish kabi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham kadrlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yildi.

Filial huzurida 3 ta, jumladan Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Denov Hazarbog‘ agrotexnologiyalar texnikumlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Qiziriq akademik litseyi ham faoliyat ko‘rsata boshladi.

Prezidentimizning ta’lim va ilm-fan sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuv va yig‘ilishlarida belgilab bergan vazifalar, oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, 2020-2030 yillarda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, agrar ta’lim tizimining 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, kelgusida amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni reja qilib olganmiz va amalga oshirib kelmoqdamiz.

Birgina, xalqaro hamkorlik doirasida, (AQSHning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMT Oziq-ovqat va qishloq ho‘jaligi tashkiloti (FAO)) bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi dolzarb muammolar yechimi buyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari grantlari va xorijiy ilmiy fondlari mablag‘lari hisobiga jami 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ jalb etildi. Shuningdek, Germaniyaning kasbiy malaka oshirish, kasbiy ta’lim, xalqaro muvaffaqiyat dasturi (PRAXX), Sharqiy Yevropa bilan qishloq xo‘jaligi va ekologik muvozanat tashkiloti (LOGO e.V.) dasturi bo‘yicha 50 nafarga yaqin iqtidorli talabamiz Germaniya qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida o‘quv amaliyotlarini o‘tadi, 10 ga yaqin rahbar va pedagog xodimlar qishloq xo‘jaligi ilg‘or xorijiy davlatlarda malaka oshirib keldi.

Prezidentimizning joriy yil 28 oktyabrda qabul qilingan “Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi sohasi va tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim omil bo‘ladi.

Mazkur qaror bilan yangi institut faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta’minlash maqsadida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklariga biriktirilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va yirik xo‘jalik sub’ektlari ro‘yxati, talabalarni amaliyot o‘tashlari uchun ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlar va yirik xo‘jalik sub’ektlari ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ta’limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etiladi, bunda, talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi. Hududning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini e’tiborga olib, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kechki (smenali) ta’lim tashkil etiladi. Ilmiy salohiyatni oshirish uchun oliy ta’limdan keyingi ta’lim, ya’ni doktoranturaga qishloq xo‘jaligi ixtisosliklari bo‘yicha qabul amalga oshiriladi. Institutning “Anorchilik” yo‘nalishidagi professor-o‘qituvchilari va yosh olimlari anor yetishtirish tajribasini o‘rganish uchun ilg‘or xorijiy davlatlarga malaka oshirish kurslariga va stajirovkalarga yuborilishi ta’minlanadi. Professor-o‘qituvchilar, ilmiy va texnik-muhandis xodimlarini har yili O‘zbekiston hamda xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida, ilmiy-tadqiqot markazlarida, agroklasterlarda, kooperatsiyalarda va yirik ishlab chiqarish tashkilotlarida stajirovka o‘tashlari yo‘lga qo‘yiladi. Jahon banki mablag‘lari hisobidan talabalar, magistrlar va ilmiy izlanuvchilar hamda yosh professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida loyihalarning startaplarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi IT-inkubator ilmiy innovatsion markazi tashkil etiladi.

Institutga tegishli yer maydonlarida xalqaro grant mablag‘lari hisobidan anor, xurmo, limon, qora olxo‘ri, uzum va boshqa meva-sabzavotlarning yuqori hosilli, yiliga 2-3 marotaba hosil olishga imkon beradigan navlarini yaratish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlari barpo etiladi, anor, xurmo, limon, qora olxo‘ri va uzum yetishtirishning yangi samarador agrotexnologiyalarini yaratish bo‘yicha bajariladigan yillik maqsadli ilmiy loyihalar amalga oshiriladi. Institut hududida bino va inshootlar quriladi, rekonstruksiya hamda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, talabalar kontingentini oshib borishini hisobga olib, Institutga yaqin bo‘lgan hududdan qo‘shimcha bino ajratiladi.

Shunday ekan, yangi Institutning tashkil etilishi albatta biz, rahbar va pedagog-xodimlarga katta mas’uliyat yuklaydi.

Davlatimiz rahbarining “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi” degan so‘zlariga barcha jabhalarda amal qilinishini ta’minlash hayotiy zaruratdir.

 

Abdug‘affor Jo‘rayev,

Toshkent davlat agrar universiteti

Termiz filiali direktori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

O‘zA