Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi institut to‘qimachilik sanoati rivojiga xizmat qiladi
14:27 / 2022-12-31

Bugun mamlakatimizda ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, ilm-fanni yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Oliy ta’lim muassasalarida ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash hamda tarmoq va sohalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida olib borilgan islohotlarning ijobiy natijalariga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimizning “Namangan to‘qimachilik sanoati institutini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilinishi, nafaqat Namangan viloyati, balki respublikamizdagi to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga, soha tarmoqlarini raqobatbardosh kadrlar bilan ta’minlashga hamda to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan qulay shart-sharoit vujudga kelishiga xizmat qiladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Qayd etish lozimki, bugungi kunda Namangan viloyati sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha respublikamizning eng ilg‘or viloyatlaridan biri hisoblanadi. Bular ichida to‘qimachilik va yengil sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish viloyatimizning drayveri hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu qaror viloyatimizda to‘qimachilik va yengil sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga, xalqaro talab va takliflarga mos mahsulot yaratuvchilarini tayyorlashga huquqiy asos bo‘ladi.

Mazkur qaror yangi oliy ta’lim muassasasini zamonaviy talablarda tashkil etishning barcha jabhalarini qamrab olishi bilan ham yuqori ahamiyatga ega. Qarorda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish, ta’lim bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, talabalarda mustaqil bilim olish bilan birga, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish, to‘qimachilik sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, talabalar uchun xorijiy va mahalliy yirik to‘qimachilik korxonalarida tanishuv va malakaviy amaliyotini o‘tash tizimini joriy etish, shuningdek talabalar va professor-o‘qituvchilarning faoliyatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish bo‘yicha bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.  

Ayniqsa, institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi viloyatimizga xalqaro va mahalliy investsiyalarni jalb qilishga, institutda texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish, ularni erkin tijoratlashtirishga hamda kelgusida ushbu institutning moliyaviy mustaqilligini ta’minlashga zamin yaratsa, Ilg‘or to‘qimachilik muhandisligi maktabi, Dizayn studiyasi hamda Innovatsiyalar va texnologiyalar transferi markazlarining ochilishi ishlab chiqaruvchilarning to‘qimachilik matolarining texnologik holatini baholash va bo‘yash-pardozlashdagi muammolarini bartaraf etishga, ta’lim jarayonida va undan tashqari vaqtlarda talabalarga zamonaviy libos ko‘rinishlarini yaratishga, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot yutuqlarini tijoratlashtirish hamda yangi ishlanma va texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga yordam beradi.  

Muxtasar aytganda, Namangan to‘qimachilik sanoati instituti kelajakda o‘zining pedagog jamoasi, ilmiy-tadqiqot natijalari, tayyorlagan raqobatbardosh kadrlari bilan birga, respublikamiz to‘qimachilik sanoatini yuksaltirishga, eng ilg‘or xalqaro tajriba va yutuqlarni mamlakatimiz hayotiga olib kirishga, soha vakillarini zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan muntazam boyitib borishga ulkan hissa qo‘shadi.  

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, 

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati