Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi institut deputatlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi
15:12 / 2021-08-10

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda xalq vakillari jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqishdi.

Deputatlar “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.  

Qonun loyihasi o‘tgan davr mobaynida deputatlar bergan takliflar asosida takomillashtirildi. Qonun loyihasi yuzasidan keng jamoatchilikning fikrini olish maqsadida uning ikkinchi o‘qishga tayyorlangan varianti quyi palataning saytiga joylashtirildi va berilgan takliflar loyihaga singdirildi.  

Hujjat bilan har bir to‘lovga qobiliyatsizlik ishida sud boshqaruvchi soxta to‘lovga qobiliyatsizlik, to‘lovga qobiliyatsizlikni yashirish yoki qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish alomatlarini aniqlashga doir harakatlarni amalga oshirishi va chora-tadbirlar ko‘rishi hamda bunday alomatlar aniqlanganligi haqida kreditorlar yig‘ilishiga, sudga, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha vakolatli davlat organiga, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi majburligi belgilanmoqda.  

Qonun loyihasida korxonaning rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga nisbatan korxonani yoki qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor o‘zini to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan taqdirda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni yuritish jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turilishi belgilanmoqda.  

bugungi yalpi majlisda  xalq vakillari deputatlarning saylov okrugida saylovchilar bilan tizimli muloqotini kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.    

Qonun loyihasi bilan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlarining tegishli moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti.  

Loyiha bilan deputat yordamchisi lavozimi joriy etilyapti. Shuningdek, deputat yordamchisiga qo‘yiladigan talablar, vazifalar, ishga qabul qilish va mehnatiga haq to‘lash, ular tomonidan amalga oshiriladigan normalar belgilanmoqda.  

Mazkur yangi institut deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish bilan birga odamlar og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi.  

Majlisda qonun loyihalari deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

[gallery-3352]

 N.Nasriyev, O‘zA