Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida joylashgan Langar qo‘rg‘onida mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish, hududning infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida kemping, uzunligi 800 metrlik zipline, 200 metrlik tyubing, zamonaviy restoran va selfi zona ishga tushirildi.
Unda viloyat hokimi Normat Tursunov, keng jamoatchilik vakillari va nuroniylar ishtirok etishdi.
Langar qo‘rg‘oni viloyat markazidan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, purviqor tog‘lar orasida joylashgan. Bu yerning havosi salqin, soylaridagi osmono‘par teraklar, qulochga sig‘maydigan tollar kishi hayratini yanada oshiradi. Jarliklar yonida qurilgan uylar qo‘rg‘onga yanada go‘zallik bag‘ishlaydi. Bu yerga doimiy ravishda sayyohlar tashrifi kuzatiladi.
[gallery-23919]
Langarga turizm mahallasi nomi berilgan bo‘lib, 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 ta dam olish maskani faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va 50 nafardan ortiq aholi ish bilan ta’minlangan. 3 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 10 ta savdo nuqtasi mavjud. Tadbirkorlik sub’ektlari soni esa 30 tani tashkil etadi.
Bu yerda sayyohlar uchun milliy taomlar tayyorlovchi 15 ta gastronomik xonadon faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sayyohlar oqimini oshirish, aholi daromad manbaini ko‘paytirish maqsadida 3 kunlik “Langar turizm xalqasi” turpaketi ham ishlab chiqilgan. Shuningdek, turizm turlarini rivojlantirish maqsadida 1 ta ov turizmi ob’ekti tashkil etilgan.
Albatta, hududda amalga oshirilayotgan ishlar tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar sonining ortishi, turizm xizmatlari kengayishiga, bu esa o‘z navbatida aholini ish bilan ta’minlash va daromadining oshishiga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari