Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi inshootlar qalblarga quvonch bag‘ishladi
10:12 / 2023-12-08

Surxondaryo viloyatida Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan joylarda yangi inshootlarni tantanali foydalanishga topshirish marosimlari davom etmoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirlarda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, barchani bayram bilan muborakbod etdi. Yangilangan Bosh qomusimizda inson manfaatlari va uning qadr-qimmati ulug‘langanini ta’kidlab, tez va sifatli bunyod etilayotgan ijtimoiy soha inshootlari yurtimiz obodligi va xalqimizning farovon turmushini  ta’minlashga  xizmat qilajagi haqida so‘z yuritdi.

Sho‘rchi tumanida bo‘lib o‘tgan marosimlarda tumandagi 122-zaif eshituvchilar maxsus maktabining 200 o‘rinli o‘quvchilar turarjoyi, 150 o‘rinli oshxona va 125-ko‘zi ojizlar hamda zaif ko‘ruvchilar maxsus maktabining 120 o‘rinli yotoqxonasi va yangi sport zali foydalanishga topshirildi. Yangi binolar alohida e’tiborga muhtoj bolalarning ijtimoiy muhofazasini ta’minlash barobarida ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishida muhim ahamiyat kasb etadi.  

Tuman markazidan o‘tuvchi “4R-592” avtomobil yo‘lining yangilangan 4 kilometr qismi, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilayotgan Xushchekka mahallasi  idorasi, 92-oilaviy poliklinika yangi binosining ham tantanali ochilish marosimlari  bo‘lib  o‘tdi. Xushchekka mahallasida kutubxona, bolalar bog‘chasi, ingliz tilini o‘qitish, xotin-qizlarni kasb-hunarga  o‘rgatish markazlari  ham ish boshladi.

Davlat dasturi asosida qiyofasini tubdan o‘zgartirgan Uzun tumanidagi Yangi yo‘l mahallasi binosi ham foydalanishga topshirildi.

Xolmo‘min  Mamatrayimov, O‘zA muxbiri