Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi inshootlar ishga tushdi
16:19 / 2024-09-18

Bugun Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlar foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirlarda viloyat hokimi va bir qator boshqarma, idoralar rahbarlari, faollar, tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.  

Dastlab tumanda yangi bunyod etilgan sport maktabi universal sport zali foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan mazkur inshootda mini-futbol, gandbol, basketbol, voleybol kabi sport turlari bilan shug‘ullanish uchun uchun barcha imkoniyat mavjud.

– Ishtixonlik sportchilar nafaqat respublika, balki Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelyapti, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Masalan, mamlakatimiz bokschi xotin-qizlaridan birinchi jahon chempioni, "Parij-2024" olimpiadasi ishtirokchisi Nigina O‘ktamova ham shu yurt farzandi. Yana o‘nlab ishtixonlik sportchilar terma jamoa tarkibida xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Ushbu sport inshooti ana shunday chempion sportchilar zafarlari tufayli Ishtixonda bunyod etildi va bu yerdan yana ko‘plab mahoratli sportchilar yetishib chiqishiga ishonamiz.  

[gallery-19325]

Yangi binoning ramziy lentasini ham ishtixonlik chempionlar qirqdi.  

Tuman mudofaa ishlari bo‘limi shu paytgacha eski binoda faoliyat ko‘rsatardi. Endilikda bo‘lim uchun yangi bino bunyod etilib, xodimlar va chaqiriluvchilar uchun zarur sharoit yaratildi.  

Bino yonida poliklinika ham tashkil etilmoqda va bu harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi.  

Shundan so‘ng xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ishtihan yimin import export group” korxonasining qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga mo‘ljallangan yangi loyihasi ishga tushirildi. Umumiy qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etadigan mazkur loyiha doirasida bu yerda yiliga 2 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari qayta ishlanadi. 50 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.  

Bugun foydalanishga topshirilgan tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy reablitatsiya qilish bo‘limining yangi binolarida ham xodimlar va ularga murojaat qiluvchi uchun barcha imkoniyat va qulayliklar yaratilgan. Binolar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari