Yosh tadqiqotchi Sarvarjon Yo‘lchiyevning “Elektron tez tibbiy yordam” loyihasi joriy yil Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “InnoWeek.Uz – 2022” hududiy innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasi doirasidagi tanlovda g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, har bir aholi xonadoni “Google maps” elektron tizimi orqali maxsus dasturga kiritiladi. Natijada tibbiyot xodimlariga bemorlar turar joylari aniq ko‘rinib turadi. Har bir tuman, mahalla, uy, hatto ko‘p qavatli xonadonlar manzili dasturda aniq aks etadi.
– Olis va chekka qishloqlardan ham “Tez yordam” xizmatiga chaqiriqlar bo‘ladi, – deydi S.Yo‘lchiyev. – Biroq bunday hududlarning ayrimlarida yo‘l ko‘rsatkichlari, joy nomlari, xonadonlar raqamlari yozilmagani yoki almashgani oqibatida “Tez yordam” belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetib borolmaydi. Natijada bemorga tibbiy yordam ko‘rsatishda kechikish holatlari kuzatiladi.
Agar og‘ir ahvoldagi bemor uyda yolg‘iz bo‘lsa-chi? Manzildan adashib qolgan “103” brigadasini kim ko‘chaga chiqib kutib oladi? Bu tizim ana shunday holatlar, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga, ya’ni “Tez yordam” xodimlarining bemor uy manziliga adashmasdan, kechikmay, o‘z vaqtida yetib borishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu platforma haydovchilarning necha daqiqada manzilga yetib olishi, eng qulay yo‘nalish chizmasini ham onlayn rejimda ko‘rsatib turadi. Qolaversa, dasturda hudud bo‘yicha aholi qaysi kasallikka ko‘p chalinayotgani bilan bog‘liq statistika ham yuritiladi. Ayni paytda ushbu elektron loyiha Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasida joriy qilingan bo‘lib, test rejimida ishlayapti. U sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa hududlarda ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.
O‘zA