Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi innovatsion jarrohlik usuli
08:20 / 2023-12-04

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya fakultetida yaqinda tashkil etilgan Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazida yangi innovatsion jarrohlik usuli taqdim etildi. Ya’ni akademik Bakriddin Zaripov boshchiligida “Yangi O‘zbekiston yosh fiziologlari maktabi” a’zolari ushbu usulda quyonda jarrohlik amaliyotini bajardi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu mashgʻulotda nafaqat yurtimiz oliy oʻquv yurtlari talabalari, balki qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Chexiya, Belarus Respublikasi universitetlari fiziolog olimlari, talabalari onlayn ishtirok etdi.  

Taʼkidlanganidek, insoniyat salomatligi va farovon hayotida fiziologiyaning oʻrni gʻoyatda katta. Zero, u hayot haqidagi fan boʻlib, meditsina, veterinariyaning asosi hisoblanadi. Qolaversa, sogʻlom turmush tarzi aynan inson fiziologiyasiga bogʻliq. Dunyodagi eng nufuzli mukofot sanalgan Nobel mukofoti ham birinchi boʻlib fiziologiya va tibbiyot yoʻnalishiga berilishi zamirida ham katta maʼno bor.  

Biroq mamlakatimizda fiziologiya uzoq yillar davomida eʼtibordan chetda qolib ketdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan va taʼlim rivoji yoʻlida olib borayotgan tizimli islohotlar tufayli yurtimizda mazkur fan rivojida yangi sahifalar ochilmoqda.  

Oʻzbekiston Milliy universiteti Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi qoshida Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi hamda “Yangi Oʻzbekiston yosh fiziologlari maktabi”ning tuzilgani buning yorqin dalilidir.  

Markaz va yosh fiziologlar maktabi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa talabalar, yosh olimlar orasida fiziologiya fanini keng targʻib qilish, jahon fiziologlari tajribalarini chuqur oʻrganishdan iborat. Shu bilan birga, boʻlgʻusi mutaxassislarni innovatsion fiziologik laboratoriyalar bilan yaqindan tanishtirish, mustaqil eksperimentlar qilish orqali yuqori malakali, professional, bugungi zamon talabiga mos kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashish maqsad qilingan. Shu bois mashgʻulotlar innovatsion usul va texnologiyalardan foydalanilgan holda oʻtkazilyapti. Chunki nazariy bilimlar amaliyot bilan uygʻunlashsagina yanada mustahkamlanadi, yoshlarni yangiliklarga ruhlantiradi.  

Navbatdagi mashgʻulotda “Quyon ichagida innovatsion fiziologik surunkali (in vivo) jarrohlik usuli” mavzuida quyonda jarrohlik amaliyoti bajarildi.  

– Bugungi mashgʻulotimizda fiziologiyaning eng dolzarb masalalaridan biri boʻlgan ovqat hazm qilish mavzusiga murojaat qildik, – deydi Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi rahbari, akademik Bakriddin Zaripov. – Yangi innovatsion “in vivo” usulida quyon ichagi izolyatsiya qilinib, yaʼni chegaralanib, fistula qoʻyildi. Bu ovqat hazm qilishning oʻziga xos xususiyatlarini tadqiq qilishga qaratilgan jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Uning ahamiyati shundaki, operatsiyadan soʻng talaba va yosh tadqiqotchilarimiz ovqat hazm qilish tizimi, xususan, ovqatlarning soʻrilishi, parchalanishi, uning molekulyar mexanizmlari, vitaminlar, yod va toksik moddalarning organizmga taʼsirini tirik quyon misolida oʻrganishadi. Quvonarlisi, yosh olimlar, bakalavr va magistrlar ushbu jarayonning kuzatuvchisi emas, bevosita ishtirokchisiga aylandi. Bu esa ularga olgan nazariy bilimlarini amaliyotda sinab koʻrish imkonini berdi.  

Olimlarning aytishicha, oʻtkir va xronik eksperimentlar, “in vivo” va “in vitro” tajribalari oʻtkazishda, koʻrgazmali jarrohlik darslarida, asosan, quyon va kalamushlardan foydalaniladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ushbu jonivorlar fiziologik funksiyalari, jumladan, ovqat hazm qilish, qon aylanish, garmonlarning ishlashi va boshqa jihatlari insonlarga eng yaqini hisoblanadi.  

Innovatsion mashgʻulotda jarrohlik asbob-uskunalari, ularning yaratilish tarixida Abu Ali ibn Sino bobomizning beqiyos xizmatlari, chok turlari, ichakni izolyatsiya qilish va fistula qoʻyish kabi nozik masalalar keng tushuntirilib, jarrohlik amaliyotidan soʻng jonivorlarni parvarishlash boʻyicha maʼlumot berildi. Xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda bunday mashgʻulotlar muntazam ravishda oʻtkazilishi belgilab olindi.

Shubhasiz, bu yosh fiziolog olimlar zamonaviy bilimlarni chuqur egallab, Yangi Oʻzbekiston ilm-fani yutuqlarini dunyoga tanitish, Uchinchi Renessans avlodlarini kamol topshirishda muhim rol oʻynaydi.  

OʻzA