Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi imkoniyatlar yangi muvaffaqiyatlarga eshik ochadi
11:29 / 2021-11-25

Mamlakatimizda olimpiya va paralimpiya sport turlarida ichki musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish, iqtidorli sportchilarni aniqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, parasport turlari bo‘yicha “Yangi imkoniyatlar sari” festivali doirasida o‘tkazilayotgan chempionatlar yangi-yangi nomlarni kashf etishda, paralimpiya sport turlari qamrovini kengaytirishda qo‘l kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida joriy yil 5 noyabr kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, provardida imkoniyati cheklangan insonlarni ommaviy sport mashg‘ulotlariga jalb etish samaradorligini oshirmoqda.

Jumladan, qarorda Parij shahrida yana uch yildan keyin o‘tadigan yozgi paralimpiya o‘yinlarida sport turlari geografiyasini yanada kengaytirish va yo‘llanmalar sonini oshirish bo‘yicha alohida  vazifa qo‘yilgan. Fransiyadagi paralimpiya o‘yinlarida para stol tennisi, para velosport va para kamondan otish sport turlari bilan bir qatorda bochcha sport turi bo‘yicha ham olimpiya yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish belgilangan.

“Yangi imkoniyatlar sari” birinchi para sport festivali doirasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston ochiq chempionatlarining navbatdagisi aynan bochcha sporti bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. Ilk bor o‘tgan bahslarda 22 nafar sportchi ishtirok etdi.

Shuningdek, festival doirasida para taekvondo bo‘yicha tashkil etilgan O‘zbekiston chempionatida 54 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

– Birinchi sport festivali tizimida o‘tayotgan sport musobaqalari imkoniyati cheklangan insonlarni o‘z matonatini ko‘rsatishi, hayotga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tayotgan musobaqalar natijasida o‘nlab iqtidorli sportchilar aniqlanmoqda. Asosiysi, bunday sport bellashuvlari orqali Parij-2024 o‘yinlariga hozirdan zamin tayyorlayapmiz. Yangi imkoniyatlar yangi muvaffaqiyatlarga eshik ochadi, – deydi O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov.

Har ikkala yo‘nalishdagi murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Ziyoda Isoqova, Guljanoy Naimova, Qudrat Shonazarov, Javohir Aliqulov, Asadbek Toshtemirov kabi yoshlar shoxsupaga ko‘tarilishdi.

Musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi va hamkor tashkilotlar tomonidan ta’sis etilgan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA