Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi ijtimoiy va ta’lim muassasalari ish boshladi
17:14 / 2025-05-31

Yangiyo‘l shahrida aholining ehtiyojmand qatlamlariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bir qator ijtimoiy va ta’lim muassasalari foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi vakillari, Yangiyo‘l shahar hokimligi vakillari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qaytadan rekonstruksiya qilinib, yangidan jihozlangan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu markaz aholining ehtiyojmand qatlamlariga kompleks xizmatlar ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Faoliyati esa asosan nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar hamda boshqa ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Bu yerda ijtimoiy yordam ko‘rsatish, huquqiy maslahatlar berish, bandlik masalalari bo‘yicha yo‘naltirish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, zarurat tug‘ilganda esa boshqa soha mutaxassislariga yo‘naltirish imkoniyatlari yaratilgan.

– Nogironligi bor shaxslar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘makdan aholi vakillari juda mamnun. Bu esa ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga, oila farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov. – Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Toshkent viloyatida ham amaliy natijalar bermoqda.

Shuningdek, “Faol hayot” dasturi doirasida zamonaviy talablar asosida jihozlangan kunduzgi parvarish markazi ham ish boshladi. Bu yerda nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning ijtimoiy hayotda faol ishtiroki ta’minlanmoqda.

Markaz 8 o‘rinli bo‘lib, unda fuqarolarga uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish hamda shaxsiy yordamchi xizmati tashkil etilgan. Markaz faoliyati doimiy monitoring va tahlillar asosida baholab boriladi. Bu esa xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga, foydalanuvchilarning ehtiyojlariga mos ravishda tizimni takomillashtirishga imkon beradi.

Bundan tashqari shaharda alohida ta’lim ehtiyoji bor bolalar uchun mo‘ljallangan 3-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan 120 o‘rinli, 10 ta guruh faoliyat yuritadigan maktabgacha ta’lim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi. Unga malakali pedagog, defektolog, logoped va psixologlar jalb qilingan. 

Muhimi, ushbu ezgu tashabbuslar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy himoya siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, aholining hayot sifati va farovonligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardandir.

A.Musayev,O‘zA.