Chirchiq shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida bunyod etilgan 5-son oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, tibbiyot faxriylari ishtirok etdi.


Uch qavatli zamonaviy shifo maskani “Shohruh qurilish dizayn” MCHJ tomonidan bunyod etildi. Qurilish-montaj ishlariga 14,168 milliard so‘m miqdorda mablag‘ sarflandi. Mazkur majmua bir vaqtda 250 nafar bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Xususan, Chirchiqdagi 8 ta mahallaning 25 ming nafardan ziyod aholisi endi bu yerga kelishi mumkin. Poliklinikada 14 nafar malakali shifokor va 52 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
Tadbir ishtirokchilari binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozir Toshkent viloyatida oilaviy poliklinikalar 94 taga yetdi. Shu bilan birga, joriy yilda yana 118 ta mahallada tibbiyot punktlari tashkil etilib, 715 ming aholi tibbiy xizmat bilan qamrab olindi. Tibbiyot brigadalari tomonidan universal progressiv patronaj tizimi ham yo‘lga qo‘yildi.


Ma’lumki, joriy yilning 4-aprel kuni Toshkent viloyati hokimi Chirchiq shahridagi Tinchlik mahallasida fuqarolar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida mazkur manzilda “Ma’naviyat xiyoboni” tashkil qilish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar bergan edi. Hududda mazkur ziyo maskani faoliyat boshladi. Xiyobon qurilishi uchun 1 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Endilikda bu yerda aholi dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun turli ko‘ngilochar tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy kechalar o‘tkaziladi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri