Qonun va ijro
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga joriy yilning to‘qqiz oyida 451 ta murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlarning 393 tasi ombudsman devoni orqali, 37 tasi fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va 21 tasi esa jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridan yo‘llangan.

– O‘tgan yil 15 noyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov. – 8 bob va 57 moddadan iborat ushbu hujjat yangi Konstitutsiya talablari asosida yangidan ishlab chiqilib, ombudsman institutining huquqiy asoslarini mustahkamladi, uning faoliyatini aniq tartibga soldi hamda huquqiy kafolatlarini yanada kengaytirdi. Qonunda, eng avvalo, ombudsmanning davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar va tashkilotlar faoliyatida inson huquqlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish vakolati belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, ombudsman har yili Oliy Majlis palatalariga o‘z faoliyati haqida ma’ruza taqdim etish orqali jamiyat oldidagi hisobdorligini ta’minlaydi. Yana bir muhim jihat — ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lishi bo‘lib, endi u o‘z taklif va tashabbuslarini Qonunchilik palatasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritishi mumkin. Bu inson huquqlari sohasidagi muammolarni qonunchilik darajasida hal etish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Qonun qiynoqlarning oldini olish, shafqatsiz va zulm xarakteridagi munosabatlarga chek qo‘yish, qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ham muhim yangiliklarni o‘z ichiga oldi. Jamoatchilik monitoring guruhlari, ekspert komissiyalari faoliyatini huquqiy jihatdan mustahkamlash esa bu sohadagi ochiqlik va jamoatchilik ishtirokini yangi bosqichga olib chiqdi. Ombudsmanga qamoqxonalarga kirish, mahkumlar bilan uchrashish, tibbiy va psixologik shart-sharoitlar ta’minlanishini o‘rganish huquqining berilishi insonparvarlik tamoyillarining amaldagi ifodasidir. Ushbu imkoniyat tufayli joriy yilning to‘qqiz oy davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 33 ta monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Otabek Toshniyozovning qayd etishicha, ombudsmanning mintaqaviy vakillari tashkiliy jihatdan kuchaytirilib, murojaatlarni tezkor va samarali tarzda ko‘rib chiqish imkoniyati kengaytirildi. “Ombudsman qutisi” kabi mexanizmlar joylarda aholi bilan bevosita muloqot va murojaatlar qabul qilishning qulay usuli sifatida o‘zini namoyon qilmoqda.
– Yilning uch choragidagi murojaatlarning tahlili aholini ko‘proq ijtimoiy (137 ta), iqtisodiy (130 ta) va shaxsiy huquqlar (92 ta) borasidagi masalalar tashvishlantirayotganini ko‘rsatmoqda, – deydi Otabek Toshniyozov. – Shuningdek, ekologik, siyosiy va bola huquqlari bo‘yicha ham o‘nlab murojaatlar ko‘rib chiqildi. Masalan, fuqaro Yu.Ochilov aliment to‘lovlari to‘xtatilganiga qaramay, unga nisbatan safar taqiqi bekor qilinmagani bo‘yicha murojaat qildi va bu masala ko‘rib chiqilib, taqiq olib tashlandi. Pensiya to‘lovlari ikki oydan beri to‘xtab qolganligi bo‘yicha murojaat qilgan X.Boboqulovning masalasi ham o‘rganilib, to‘lovlar tiklandi va qarzdorlik to‘liq to‘lab berildi. Fuqaro N.Sa’dullayev onlayn auksion savdolariga qo‘yilgan yer uchastkalarini 2024 yilda sotib olgan bo‘lsa-da, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha Payariq tumani hokimligining qarzdorligi sababli Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan taqiq qo‘yilganligi uchun o‘z nomiga rasmiylashtirib ololmayotgani haqidagi murojaati vakil aralashuvi bilan ijobiy hal qilindi. Bu kabi misollar ombudsman institutining aholining kundalik muammolarni hal etishdagi ta’sirchanligini yanada yaqqol namoyon qiladi.
Vakil tomonidan “Ombudsman maktabi”, “Ombudsman soati” loyihalari doirasida tuman va shaharlardagi mahallalar, ta’lim muassasalarida aholi bandligini ta’minlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, ijtimoiy himoya siyosati, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kiber jinoyatlarning oldini olish, bola huquqlarini muhofaza qilish kabi mavzular bo‘yicha uchrashuvlar, davra suhbatlari muntazam o‘tkazilmoqda.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri