An’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovining Farg‘ona viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya viloyat bo‘limlari hamda viloyat teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari, televideniye va radio ijodkorlarining materiallari, Internet-jurnalistika, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, tasviriy san’at ishlari, foto-video asarlar va dizayn ishlari yo‘nalishlarida jami 24 nafar g‘olib va sovrindorga mukofotlar topshirildi.
[gallery-13211]
– Taqdirlanganlar safida turganimdan juda-juda xursandman, - deydi g‘oliblardan biri Mo‘ydinjon Sobitov. – Bu nafaqat mening, balki butun jamoaning yutug‘i deb bilaman. Bugun yurtimizda barcha sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyatimiz bo‘ylab olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, turli dasturlar doirasidagi o‘zgarish va yangilanishlar biz, jurnalistlar uchun chin ma’noda ilhom manbai bo‘lib xizmat qilyapti. Bugungi yutuqlarimiz buning yaqqol isbotidir.
Tadbir davomida el suygan san’atkorlar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga yanada yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA