Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi hamkorlar va manfaatli shartnomalar
17:08 / 2015-05-07

Jizzaxda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 300 dan ortiq ishlab chiqarish subyekti 645 turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Jizzaxda IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining viloyat hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 300 dan ortiq ishlab chiqarish subyekti 645 turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Yarmarka pavilyonlariga qo‘yilgan mahsulotlar turi o‘tgan yildagidan ancha ko‘pligi mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarishi jadal sur’atlarda o‘sayotgani dalolatidir. Bu yilgi ko‘rgazmada ko‘plab yangi korxonalar o‘zlarining yangi turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Jumladan, “Jizzax maxsus industrial zonasi”da ishga tushirilgan yangi korxonalarning mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Prezidentimizning 2013-yil 18-martdagi “Jizzax maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-oktabrdagi “2013-2016-yillarda Jizzax viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish” dasturi ijrosi doirasida bu yerda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu dastur doirasida o‘tgan yili 331 milliard so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilib, 237 loyiha hayotga tatbiq etildi.

Bu loyihalar asosida 195 yangi korxona tashkil etildi. Natijada korxonalar soni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va turi sezilarli darajada ko‘paydi. Joriy yilning birinchi choragida sanoat sohasida 18 loyiha amalga oshirilib, mahsulot ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,4 foizga o‘sdi.

Yarmarkada ishtirokchilar soni va mahsulot turining ko‘pligi tuzilgan shartnomalar hajmida ham o‘z aksini topdi. O‘tgan yilgi yarmarkada 5 milliard so‘mlik shartnoma tuzilgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 10 milliard 800 million so‘mdan oshdi.

– Mamlakatimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu yarmarka yangi sheriklar topish va shartnomalar tuzish uchun katta imkoniyat yaratib bermoqda, – deydi polietilen quvuri ishlab chiqaradigan “Jizzax polimerplast” korxonasi rahbari o‘rinbosari Sodiq Boboyev. – O‘tgan yillarda korxonamizda ishlab chiqarilgan mahsulotning 9 milliard so‘mlikdan ziyodini mazkur yarmarka orqali sotdik. Bu yil ham ko‘plab shartnomalar imzoladik.