Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi g‘oyalarga ilhomlantiruvchi tabiiy fanlar darsligi taqdimoti
16:10 / 2022-07-13

Toshkent shahrida  Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi, YUNICYeF, Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti  hamkorligida Tabiiy fanlar bo‘yicha xalqaro ekspert Filippa Gardom Halm ishtirokida “Tabiiy fanlar – ilm-fan olamiga ilk qadam” mavzusidagi darsliklari taqdimotiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, YUNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov va boshqalar ta’limdagi islohotlar shiddatli kechayotganini ta’kidladi. 

Prezidentimizning 2020 yil 12 avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 1-6- sinflarda atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, geografiya, biologiya, fizika fanlari o‘rniga Tabiiy fan (Science)ni joriy etish belgilangan edi. 

Prezident qaroriga binoan mamlakatimiz tarixida ilk bor Milliy o‘quv dasturi asosida 2021-2022- o‘quv yili uchun 1-2- sinf Tabiiy fanlar darsligi amaliyotga joriy etildi. 

“Tabiiy fanlar – ilm-fan olamiga ilk qadam” mavzusidagi taqdimotda ta’limni hayotiylashtirish va mazkur darsliklaridagi asosiy ko‘nikmalar, 1-2-sinf Tabiiy fanlar dasturini amaliyotga joriy qilishda erishilgan yutuq va natijalar bo‘yicha Respublika ta’lim markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan keng jamoatchilik tanishtirildi. 

Respublika ta’lim markazi axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda yangi o‘quv yili uchun 7 ta tilda o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma bilan jami 8 nomdagi 3- va 6-sinf Tabiiy fanlar darsliklari tayyorlandi. 3-sinf Tabiiy fanlar darsligi 728 ming 330 tirajda, 6-sinf Tabiiy fanlar darsligi 723 ming 716 tirajda nashr etiladi. 

Shuningdek, yangi o‘quv yili uchun 7, 10-sinflarning 16 nomdagi kimyo, biologiya, fizika, geografiya darsliklari tayyorlanib, ular qariyb 6 million tirajda bosiladi. Tabiiy fanlar kimyo, biologiya, fizika, geografiya fanlarini yaxshi o‘zlashtirishga poydevor bo‘ladi. E’tiborli jihati,  darsliklarni yaratish jarayoniga 20 dan ortiq mahalliy mutaxassislar, asosan amaliyotchi o‘qituvchilar jalb qilindi. Tabiiy fanlar uchun Milliy o‘quv dasturi, standartlar va darslikning tayyorlanishida YUNISEFning xalqaro eksperti Filippa Gardon Halm ishtiroki ham darslikning muvaffaqiyatidan biri bo‘ldi. 

Xalqaro eksperti Filippa Gardon Halm O‘zbekistonda ta’lim  sohasini isloh etish uchun barcha imkoniyatlar ishga solingani, bu jarayon uchun eng malakali ekspert va mutaxassislar faol jalb etilganini ta’kidladi. Shu bilan birga, kompetensiyaga yo‘naltirilgan tajriba jahonda ilg‘or tajriba sifatida ko‘rilishi va darslik bolalarda dalillarga tayangan holda qarorlar qabul qilishga xizmat qilishi kerakligi haqida tushuntirar ekan: 

“Yangi darsliklar o‘quvchini odatiy yodlashdan ko‘ra, ko‘proq mantiqiy fikrlashga o‘rgatadi. Masalan, o‘quvchilar odamlar odatda qanday qaror qabul qilishiga qarab emas, tanqidiy fikrlash orqali qaror qabul qilishga o‘rganadilar”, – deb qayd etdi.   

Umumiy o‘rta ta’limning 1-6-sinflari uchun mo‘ljallangan Science fani bir nechta fanlarni birlashtirgan va STEAM tizimi asosida ko‘plab ijtimoiy, iqtisodiy fanlar bilan integratsiyani ta’minlagan. 

Bilim va ko‘nikmalarni spiralsimon usulda oddiydan murakkabga tomon rivojlantirib borish ko‘zda tutilganligi hisobiga o‘quvchilarga olamning yaxlit, ajralmas, bir butunligini anglashga yordam beradi. 

Bundan tashqari, yaratilayotgan darslikka har bir bobning mavzusidan kelib chiqib, sodda kundalik turmushda uchraydigan qiziqarli mavzular, tajribalar kiritildi. Endi bolalar “O‘quv loyihasi” deb nomlangan amaliy mashg‘ulotda o‘zlari kichik tajribalar o‘tkazib ko‘rishadi. Masalan, 1-sinflarga 1 o‘quv yili uchun 1 ta amaliy topshiriq, gul ekish va uni parvarishlash vazifasi berilgan. O‘quvchilar o‘zlari ekkan guldagi o‘zgarishlarni yil davomida kuzatib, natijani daftarlariga qayd etib boradilar, ustozlari va sinfdoshlari bilan o‘rtoqlashadilar. 

Ahamiyatli jihati, mualliflar jamoasi darslikka kiritilayotgan barcha topshiriqlar, o‘quv loyihalarini avval o‘quvchilar topshiriqni qay darajada bajara olishlarini aniqlash maqsadida maktablarda tajriba-sinovdan o‘tkazmoqda. 

An’anaviy yondashuvga asoslangan darsliklarda avval matn, keyin savollar berilgan bo‘lsa, yangi  darsliklarda o‘quvchining mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida avval savollar berilib keyin matn keltirilgan. 

Ma’lumotlarning aksariyat qismi esa matn ko‘rinishida emas, balki rasm yoki illyustratsiyalar ko‘rinishida keltirilgan.  Bu bolalarda har xil manbalarni tushuna olish, mavzuga kreativ, ijodiy yondashish ko‘nikmasini shakllantiradi. 

Darslikning dizayni ham jahonning ilg‘or tajribalariga asoslangan holda yaratilmoqda. Professional rassomlar tomonidan darslikka ishlanayotgan rasmlar esa bolalarga mavzuning mazmunini to‘liq anglab yetishga ko‘maklashadi. 

Konferensiyada tabiiy fanlarni o‘qitishda zamonaviy yondashuv, bu borada o‘qituvchilar mahoratini oshirish, ularning tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi. 

   Nazokat Usmonova, O‘zA