Milliy olimpiya qo‘mitasida bundan bir necha kun avval Bahraynda bo‘lib o‘tgan III Osiyo yoshlar o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbir davomida yosh sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan natijalarning ahamiyati va ularning xalqaro sportdagi o‘rni yuksak baholandi.
Ma’lumki, Bahrayn sport maydonlarida kechgan shiddatli bellashuvlarda yurtimiz yosh sportchilari 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jami 81 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu natija o‘zbek sporti tarixidagi katta yutuq bo‘lib, yoshlarimizning azmu shijoati va irodasining yorqin ifodasiga aylandi.
Marosim yakunida 2029 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlari mezbonligi Toshkent shahriga berilganligi munosabati bilan dzyudo bo‘yicha “Parij–2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Diyora Keldiyorova hamda “Bahrayn–2025” musobaqasida ikki karra oltin medal sohibi Munisbek Davletov tomonidan Osiyo Olimpiya kengashi bayrog‘i Milliy olimpiya maydoni uzra baland ko‘tarildi.
Darhaqiqat, yana to‘rt yildan so‘ng IV Osiyo yoshlar o‘yinlariga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. “Kichik olimpiada” maqomidagi mazkur nufuzli musobaqaning yurtimizda o‘tkazilishi yangi g‘alabalarning yangi poydevorini mustahkamlaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FpjHu5kK4Dw" title="Yangi g‘alabalarning yangi poydevorini mustahkamlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev, Javohir Toshxo‘jayev,
Oybek Davronov, O‘zA