French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi g‘alabalarning yangi poydevori
00:20 / 2025-11-04

Vatanimiz sport sharafini ulug‘lab kelayotgan sportchilarni tantanali ravishda taqdirlash, ularga davlatimiz va xalqimizning yuksak e’tibori va ehtiromini namoyon etish an’anaga aylangan. Bu nafaqat xalqaro maydonda yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalari bardavom bo‘layotganini, balki mamlakatimizda ommaviy sport harakatining tobora kengayib borayotganini ham ko‘rsatadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida bundan bir necha kun avval Bahraynda bo‘lib o‘tgan III Osiyo yoshlar o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir davomida yosh sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan natijalarning ahamiyati va ularning xalqaro sportdagi o‘rni yuksak baholandi.

Ma’lumki, Bahrayn sport maydonlarida kechgan shiddatli bellashuvlarda yurtimiz yosh sportchilari 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jami 81 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu natija o‘zbek sporti tarixidagi katta yutuq bo‘lib, yoshlarimizning azmu shijoati va irodasining yorqin ifodasiga aylandi.

Taqdirlash marosimida davlat madhiyasi yangradi, tadbir avvalida esa sportchilarimizning “Bahrayn–2025” musobaqasidagi muvaffaqiyatli ishtirokiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng g‘olib va sovrindor sportchilar hamda ularning murabbiylariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, shuningdek, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taekvondo (WT) bo‘yicha “Bahrayn–2025” o‘yinlari g‘olibi Omadbek Otabekov hamda boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi Sirojiddin Naimov so‘zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sport sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Marosim yakunida 2029 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlari mezbonligi Toshkent shahriga berilganligi munosabati bilan dzyudo bo‘yicha “Parij–2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Diyora Keldiyorova hamda “Bahrayn–2025” musobaqasida ikki karra oltin medal sohibi Munisbek Davletov tomonidan Osiyo Olimpiya kengashi bayrog‘i Milliy olimpiya maydoni uzra baland ko‘tarildi.

Darhaqiqat, yana to‘rt yildan so‘ng IV Osiyo yoshlar o‘yinlariga O‘zbekiston mezbonlik qiladi. “Kichik olimpiada” maqomidagi mazkur nufuzli musobaqaning yurtimizda o‘tkazilishi yangi g‘alabalarning yangi poydevorini mustahkamlaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

To‘lqin Ro‘ziyev,

Javohir Toshxo‘jayev,

(surat) Almurod Mamadaminov,

(video) Oybek Davronov, O‘zA