Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni professional sportga yo‘naltirish tizimi yangi bosqichga chiqdi.
Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, birgina ortda qolgan 2025 yilda sport-ta’lim muassasalariga qo‘shimcha 58 ming 482 nafar iqtidorli sportchi yosh qabul qilinib, natijada muntazam shug‘ullanuvchilar soni 11,5 foizga oshishi ta’minlandi.
Bu, so‘nggi yillarda mamlakat bo‘ylab 300 dan ortiq sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasalari tashkil etilganida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ortda qolgan yil uchun mo‘ljallangan dasturlarga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar ulushi 30 foizga yetkazildi.
Mavjud sport maktablarida aholi soni va hududlarning ixtisoslashuvini inobatga olgan holda olimpiya sport turlari bo‘yicha 200 dan ortiq yangi sport seksiyalari tashkil etildi.

Ishlab chiqilgan dasturlar, loyihalar asosida hududlarda sport maktablari negizida mashg‘ulot zallari va maxsus maydonchalar barpo etildi. Ular zamonaviy sport inventarlari va jihozlari, kerakli anjomlar bilan ta’minlanishi tufayli yoshlarni mashg‘ulotlar bilan qamrab olishning aniq tizimi yaratildi.
Respublikamizning ko‘plab tumanlaridagi sport maktablari qayta ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinishi sababli joylarda sport turi va guruhlar soni keskin oshirilayotgani kuzatilmoqda.
Yaratilgan qulayliklar ommaviy sport musobaqalarini tashkil etishga rag‘batni kuchaytirdi. Natijada salomatlik tadbirlari bilan qamrab olish hajmi 12 million nafarga yetdi.

Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda sport-ta’lim muassasalari tizimi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini, minglab iqtidorli o‘g‘il-qizlar uchun zamonaviy sport infratuzilmasi va professional murabbiylar maktabi yaratilishi, seleksiya tizimi samarali kechishiga dasturilamal bo‘lmoqda.

Yana bir o‘ziga xos jihat, yaratilgan qulayliklar kelgusida mahoratli sportchi yoshlarni tayyorlash, murabbiylarning salohiyatini monitoring qilish, tahlil etish, zarur xulosalar chiqarishga maydon yaratgani bilan ahamiyatli.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA