Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Fuqarolik kodeksi loyihasi: mulkni keyinchalik qaytib sotib olish sharti bilan sotish shartnomasi haqida
11:03 / 2020-07-14

Dastlabki xaridorning qaytarib sotib olish narsasiga nisbatan majburiyatlari 483-, 484- va 485-moddalarda belgilangan:


Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi F–5464-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Keyingi yillarda fuqarolarning iqtisodiy faolligining oshishi va tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi bilan oldi-sotdi munosabatlarining turli shakllarini qoʻllash kengayib borayotganini koʻrishimiz mumkin. Nasiyaga yoki kreditga sotish va olish, tovar haqini boʻlib boʻlib toʻlash, qayta sotib olish sharti bilan sotish singari munosabat shakllari shular jumlasidandir.

Fuqarolik kodeksining oldi-sotdi munosabatlarini tartibga soluvchi amaldagi 29-bobida oldi-sotdining turli shakllari va ular boʻyicha shartnomaviy munosabatlarga alohida urgʻu berilmagan. Jumladan, nasiyaga tovar sotish, tovar haqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotish munosabatlari “Oldi-sotdi toʻgʻrisida umumiy qoidalar” deb nomlangan 1-paragrafga kiritilgan boʻlib, unda qaytib sotib olish sharti bilan sotish toʻgʻrisidagi qoidalar umuman nazarda tutilmagan. Bu holatni 90 yillarda oldi-sotdi munosabatlarining bunday shakllariga aholi ishonchsizlik bilan qaragani va bunday shartnomalar amaliyotda juda kam qoʻllangani bilan izohlash mumkin.

Qaytib sotib olish sharti bilan sotish shartnomasi sotuvchi tomonidan mol-mulk keyinchalik qaytarib sotib olinishini nazarda tutadi. Odatda qayta sotib olish sharti bilan mol-mulk sotish sotuvchi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan narsalarni (masalan, uy-joy, transport vositasi, kitoblar kolleksiyasi, oilaviy yodgorlik, ishlab chiqarish vositalari, qimmatbaho qogʻozlar) sotishda qoʻllaniladi. Sotuvchi oʻzi uchun muhim boʻlgan, biroq muayyan vaziyatda (masalan, biznes operatsiyalarini amalga oshirish uchun mablagʻ zarur boʻlishi yoki xorijda davolanish, qarzni toʻlash singari muayyan bir ehtiyoj sababli) sotishga majbur boʻlgan mol-mulkini muayyan muddat oʻtgach qaytarib sotib olish imkoniga ega boʻladi. Hozirgi paytda amaliyotda taraflar kelishuviga koʻra bunday munosabatlar koʻp uchraydi.

Shuni hisobga olgan holda hamda bir qator xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi 27-bobi “Qaytib sotib olish sharti bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi” deb nomlangan yangi paragraf bilan toʻldirilib, unga 6 ta yangi modda kiritilmoqda.

Xususan, 481-moddada oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi shartnoma narsasini qaytib sotib olish huquqi belgilangan hollarda, bu huquqni amalga oshirish sotuvchining xohish-irodasiga bogʻliqligi mustahkamlab qoʻyilgan. Agar qaytib sotib olish huquqiga bir necha shaxslar ega boʻlsa va ularning baʼzilari bu huquqdan foydalanmasa, boshqalari undan toʻliq foydalanishi mumkin.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qaytib sotib olish dastlabki baho boʻyicha amalga oshiriladi (482-modda). Tovarni dastlab sotib olgan xaridor qaytib sotib olishga qadar tovarga foydali xarajatlar qilgan boʻlishi mumkin. Masalan, avtotransport mashinasi yoki uy-joyni taʼmirdan chiqargan boʻlishi va natijada shartnoma narsasining qiymati oshishi mumkin. Bunday holda tovarni dastlab sotib olgan shaxs uni qaytarib sotib oluvchidan oʻzi qilgan foydali xarajatlar natijasida tovar qiymatining oshgan miqdorini, yaʼni dastlabki narx bilan tovarning ayni paytdagi qiymati oʻrtasidagi farqqa teng mablagʻni talab qilish huquqiga ega. Oʻz oʻrnida, qaytarib sotib olguncha boʻlgan muddatda turli sabablarga koʻra tovarning narxi pasayib ketishi ham mumkin. Bunday holatlarda qaytarib sotib oluvchi dastlabki narxdan mana shu pasaygan miqdordagi summani, yaʼni farqni chiqarib tashlashni talab qilish huquqiga ega. Mazkur toʻldirish tovarni qaytarib olish sharti bilan sotish shartnomasida tovarni qaytarib sotib olguncha boʻlgan vaqt ichida tovar narxi oʻzgarishi bilan bogʻliq jihatlarga aniqlik kiritish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni oldini olish maqsadida kiritilmoqda.

Dastlabki xaridorning qaytarib sotib olish narsasiga nisbatan majburiyatlari 483-, 484- va 485-moddalarda belgilangan:

- qaytib sotib olish sharti bilan sotilgan narsa unga taalluqli ashyolar bilan birga qaytarilishi shart;

- sotib oluvchi qaytib sotib olish huquqi amalga oshirilgunga qadar ashyoning shikastlanishiga va nobud boʻlishiga yoʻl qoʻysa yoki uni jiddiy oʻzgartirsa, buning oqibatida kelib chiqadigan zararlar uchun javobgar boʻladi;

- sotib oluvchi qaytib sotib olish huquqi amalga oshirilishidan oldin shartnoma narsasini boshqa shaxsga oʻtkazib yuborgan boʻlsa, bunday begonalashtirish haqiqiy hisoblanmaydi.

Narsani qaytib sotib olish sharti bilan sotish shartnomasida bunday qaytib sotib olish muddatlariga aniqlik kiritish ham juda muhimidir. Turli xorijiy davlatlar fuqarolik kodekslarida 3 yildan 10 yilgacha qaytib sotib olish muddatlari belgilanganini koʻrishimiz mumkin.

Masalan, Braziliyada bunday muddat 3 yilgacha (1141-modda), Gruziyada 10 yil (514-modda), Turkmanistonda 5 yil (538-modda), Fransiyada 5 yil (1660-modda) Moldaviyada yer uchastkalari uchun 10 yil, boshqa narsalar uchun 5 yil (791-modda), Polshada 5 yilni (593-modda) tashkil etadi.

Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi 486-moddasiga muvofiq, qaytib sotib olish muddati uch yildan oshmasligi lozimligi belgilangan. Ushbu muddatni uzaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar belgilangan muddat mobaynida sotuvchi qaytib sotib olish huquqidan foydalanmasa, bunda sotib olish sharti kechiktirilgani yoki bekor qilish sharti belgilanganidan qatʼiy nazar dastlabki xaridor qaytib sotib olish sharti bilan sotilgan tovarning yakuniy egasi hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksiga kiritilgan ushbu yangi normalar qaytib sotib olish sharti bilan tuzilgan shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlariga toʻliq aniqlik kiritib, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni oldini olishga xizmat qiladi. Bunday yondashuv Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasida fuqarolik qonunchiligini xalqaro standartlar talablariga va eng yaxshi xorijiy amaliyotlarga muvofiqlashtirish sohasidagi qoʻyilgan vazifalarga ham mosdir.

Anvar Eminov,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi