Nukusdagi Fransiya madaniyati oyligi doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Ko‘rgazmalar saroyida fransiyalik suratkash Erik Gurlanning “Orol dengizi: xotira va uning go‘zalligi” nomli fotoko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Erik Gurlan – fransiyalik suratkash 25 yil davomida ushbu ko‘rgazma g‘oyasi ustida ishlamoqda. Ko‘rgazma Orol dengizi va uning qirg‘oqlarining ajoyib manzaralarini namoyish etadi. Shunday qilib, ko‘p vaqtlardan beri maqsad qilingan bu ko‘rgazma Nukusdagi Fransiya madaniyati oyligi doirasida 30 noyabrgacha keng tarzda qoraqalpoq tomoshabinlariga taqdim etilmoqda.
Ko‘rgazma oddiy sayyohlar bormaydigan joylarda olingan 32 ta oq-qora fotosuratdan iborat. Ayniqsa, Erik Gurlan XX asr boshida Xudoyberdi Devonov foydalangan fotografiya usuli va fotoapparatdan foydalanishini ta’kidlash muhim.
Taniqli suratkash maktabni tugatib, Parijdagi fotograflar tayyorlaydigan kollejda, so‘ngra Akademiyada o‘qidi. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘ldi. G‘azodagi vaziyatdan fotoreportajlar tayyorlagan. Fransiya va Qirg‘izistonda ko‘plab fotoko‘rgazmalari namoyish etilgan. Endigi maqsadi – O‘zbekistonning eng go‘zal va hayratlanarli joylarini suratga olish.
[gallery-26283]
– Men faqat go‘zal tabiatni emas, balki ijtimoiy muammolarni aks ettirgan ko‘rinishlarni ham suratga olaman. Ular Fransiyaning turli gazeta va jurnallarida bosilib chiqadi. “Orol dengizi: xotira va uning go‘zalligi” nomli fotoko‘rgazmamni dekabr oyida Toshkent shahrida namoyish etishni maqsad qilganman, – deydi fotorassom Erik Gurlan.
Ushbu fotoko‘rgazma 30 noyabrgacha davom etadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev, O‘zA muxbirlari