O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Prezidentimizning 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga tushuntirish maqsadida seminar o‘tkazildi.
Farmon bilan Biznes ombudsman va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini ko‘zlab ijro hujjatlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga va ijro hujjatini bergan boshqa organga murojaat etish huquqi berildi.
Ushbu farmon ijrosini ta’minlash zamirida tadbirkorlik sub’ektlarining davlatdan bo‘lgan qarzdorligini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sharoit yaratiladi. Bu esa tadbirkorlarning ishchi o‘rinlarini saqlab qolishiga, to‘xtab qolgan faoliyatini qayta tiklashiga va pandemiya davrida moliyaviy ahvolini yaxshilab olishiga imkoniyat beradi.
Endilikda farmon talablari va unga asosan qabul qilinadigan huquqiy-normativ hujjatlardan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlari hisobidan davlat daromadiga undirilishi nazarda tutilgan ijro hujjatlarining ijrosini kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqida asoslangan hujjatlar bilan tadbirkorlik sub’ektlari manfaatini o‘ylab, ijro hujjatini qabul qilgan organga murojaat qilish amaliyoti keng targ‘ib qilinishi ta’minlanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA