Tashrifdan tashrifgacha
Farg‘ona viloyatiga kelgan kishi bu yerdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlaridan ko‘ngli yayraydi, Yangi O‘zbekistonning nafasini his etadi.
Darhaqiqat, bugun shahar va tumanlar yanada obod va ko‘rkam maskanlarga, chinakam islohotlar maydoniga aylangan. Prezidentimizning viloyatga tashrifi chog‘ida amalga oshiriladigan har bir islohot, avvalo, inson qadr-qimmati, sha’nini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Bugun joylarda keng ko‘lamda quloch yozib, xalq roziligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar oddiy odamlar hayotida o‘z aksini ko‘rsatmoqda.
[gallery-12919]
So‘nggi olti yillik keng ko‘lamli islohotlar natijasida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,3 baravarga o‘sib, 56 trillion so‘mga yetdi.
Qulay investitsiyaviy muhit, rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik xorijlik sarmoyadorlarning bu yerga qiziqishini kuchaytiryapti, yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Joriy yilda viloyatda 246 loyiha doirasida jami 1,3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va xorijiy kreditlar (shundan, hududiy loyihalarda 948,9 million dollar) o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. O‘tgan davrda viloyatdagi 180 korxonada 436,6 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiiyalar o‘zlashtirilgan. 152,6 million dollarlik investitsiyalar hisobiga 502 loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida 17 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, 787 milliard so‘mlik yillik ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘ldi.
Furqat tumanida Xitoyning "Bnbm building materials Central Asia" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 30 million dollar investitsiyasi hisobiga gipsokarton ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 130 yangi ish o‘rni yaratildi. Natijada, yillik 40 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi. Rishton tumanida "Chinor plyus-2020" xususiy korxonasi tomonidan 5,2 million dollar investitsiyalar hisobiga sanoat-hunarmandchilik majmuasini tashkil etish loyihasi ishga tushirilib, 200 yangi ish o‘rni yaratildi.
Joriy yil yakuni bilan 1,2 milliard dollarlik 1 ming 399 loyihani ishga tushirish orqali 30,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, ishlab chiqarish hajmi 5,1 trillion so‘mga, eksport 171 million dollarga, byudjetga tushum esa 611,7 milliard so‘mga ortadi.
Ayni kunlarda Rishton tumanida "RUSO‘ZBEKTEKS" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan momiq sochiq va momiq matodan boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungacha 20 million dollar jalb qilindi. Loyiha foydalanishga qabul qilinishi natijasida mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Toshloq tumanida "Zamin Aziya farm" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 3,6 million dollarga teng infuzion eritmalar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 60 yangi ish o‘rni yaratilib, yillik 5 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatlariga erishiladi.
Shuningdek, viloyatda investorlar tomonidan keyingi yillarda amalga oshiriladigan, qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan mega va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 10 investitsiya loyihasi shakllantirildi.
Viloyatda 1 ming 62 mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi” belgilanib, “beshlik” tomonidan salmoqli ishlar bajarilmoqda. Birgina “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida yil yakuniga qadar 806 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi. Shu bilan birga “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” doirasida aholiga manzilli ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Bugungi kunda mahallalardagi aksariyat muammolar o‘z yechimini topmoqda. Bunda aholi bilan muloqotning yo‘lga qo‘yilgani, rahbarlarning qo‘yi bo‘g‘inga tushib ishlayotganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilda viloyatda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish doirasida 716 mahalla fuqarolar yig‘inidagi 719 ob’ektlarda 1 trillion 107 mablag‘ sarf etilmoqda. Mazkur ishlar natijasida 8 maktab, 4 maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 sport, 15 mahalla binolari, 374 yo‘l ob’ektlari, 229 ichimlik suvi ob’ektlari, 21 irrigatsiya ob’ektlarida qurilish rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Maktablar, tibbiyot muassasalari, oliy o‘quv yurtlarida ham keng miqyosli islohotlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Maktabgacha ta’limga qamrov darajasi o‘tgan yilda 86,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda qamrov ko‘rsatkichi 88 foizga yetkaziladi.
Yaqinda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining mukammal ta’mirdan chiqarilgan 7 qavatli davolash binosi hamda yangi qurib bitkazilgan qabul-diagnostika binosining foydalanishga topshirilgani farg‘onaliklarga katta tuhfa bo‘ldi.
Qisqa muddatda – bir yil davomida 32 milliard so‘m sarflanib amalga oshirilgan qurilish va rekonstruksiya ishlari natijasida muassasada bir kecha kunduzda bemor qabul quvvati 150 tadan 400 taga yetkazildi. Filialda yangi qurib bitkazilgan, bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha taqsimlaydigan 24 soat ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limida aholiga zamonaviy shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida og‘ir bemorlar uchun alohida qizil yo‘lak, shoshilinch yordamga muhtoj bemorlar uchun sariq yo‘lak va ambulator yordam ko‘rsatish uchun yashil yo‘laklar tashkil etildi.
Bemorlarga davolash diagnostika standartlari bo‘yicha shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun alohida shok zali, kichik operatsiya xonasi, muolaja xonasi, bolalarga yordam ko‘rsatish xonasi, travmatolog, neyroxirurg, xirurg, LOR, terapevt, laboratoriya va boshqa tor doiradagi mutaxassislar uchun alohida xonalar, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va to‘g‘ri davolash ishlari olib borish uchun alohida funksional diagnostika bo‘limi tashkil etildi.
Eng asosiysi, mazkur muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlanishi natijasida 60 turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, davolash usullari tatbiq qilinib, yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Aholini uy –joy bilan ta’minlash borasidagi ishlar ham izchil davom etmoqda. Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda ekoshahar barpo etilyapti. Farg‘ona va Yozyovon tumanlarida esa “Yangi O‘zbekiston” massivlari qad rostlamoqda.
Bugun kim bilan suhbatlashmang, bu kabi yangilanishlardan, o‘zgarishlardan mamnun ekanligini bildiradi. Darhaqiqat, yangi Farg‘onaning har bir tongi, har bir kuni shiddatli bunyodkorliklarga boy. Asosiysi, odamlar hayotdan rozi bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda. Nuroniylarimiz esa shukronalik bilan umrguzaronlik qilmoqda. Inson qadri ulug‘langan yurtda yashashdan ortiq baxt bormi?!
Ma’sudjon Sulaymonov,
M.Qodirov olgan suratlar