Aslida vaqt oralig‘ida sayohat qilish ko‘plarimizning orzumiz. “Mening yurtim” (“My5”) telekanali va bir qator hamkorlar bilan birgalikda suratga olingan “Dejavyu” nomli badiiy film ana shunday g‘ayritabiiy, fantastik imkoniyatga ega bo‘lgan qahramonning sarguzashtlari haqida hikoya qiladi.
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida “Dejavyu” filmining premerasi o‘tkazildi.
Fantastik drama janridagi mazkur film rejissyor Hojimurod To‘xtamurodov g‘oyasi va ssenariysi asosida suratga olingan.

Filmda asar qahramoni Sarvar o‘zining nikoh to‘yiga uch kun qolganda yo‘qolib qoladi va o‘n yildan keyin paydo bo‘ladi hamda u o‘zining g‘ayrioddiy yo‘qolishi sababini izlaydi.

Shunda Sarvar o‘zida vaqt oralab sayohat qilish qobiliyati borligini sezib qoladi va u o‘zining noyob qobiliyati orqali avvalgi barcha xatolarini to‘g‘rilashga harakat qiladi. Biroq uni har safar yangi sinovlar kutib turardi.

Filmda asosiy rollarni aktyorlar Doston Jo‘rayev, Fotima Rahimova, Kamila Ahmedova, Rustam To‘lqinov, Sanjar Namozov, Feruza Fattohova, Shahrizoda Dehqonova, Sardor Karimov, Tohir Rahimov, Gulmira Muhammedova, Feruza Mansurova, G‘anisher Rahmatullayev, Nodira Murtazoyeva, Zarifa Alimqulova va boshqa san’atkorlar mahorat bilan ijro etishgan.

Postanovkachi rejissyor, g‘oya muallifi va prodyuser –Hojimurod To‘xtamurodov. Postanovkachi operator – Qosimxon Ziyabekov.
Ssenariy muallifi – Saida Vahobova. Rejissyor assistenti – Umid Hasanov. Rassom – Rustam Sultonov. Bosh prodyuser – Qobuljon Ahmedov.
Yangi badiiy film tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA