Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi diyor” yanada obod bo‘lmoqda
18:35 / 2023-10-10

Mamlakatimizda mahalla va qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish, turmush madaniyatini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Jizzax viloyatining “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan to‘rtta mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Sharof Rashidov tumanidagi eng chekka hudud “Yangi diyor” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, qurilish, ta’mirlash ishlari bunga yaqqol misol bo‘ladi.  

Mahalla fuqarolar yig‘inining 1 ming 154 xonadondagi 1 ming 315 oilada 6 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. “Obod xonadon” mezoni asosida mahalladagi mavjud xonadonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Mavjud muammolar xonadonma-xonadon yurib o‘rganildi. 60 ga yaqin kam ta’minlangan, ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalar aniqlandi. Ularning xonadonlarini joriy va kapital ta’mirlash uchun homiy tashkilotlar jalb etildi.  

[gallery-13946]

– Zarur qurilish materiallari yetkazib berildi, – deydi “Yangi diyor” MFY raisi Alisher Jonuzoqov. – Quruvchilar ta’mirlash ishlarini yog‘in-sochinli kunlar boshlanmasdan yakuniga yetkazish uchun astoydil harakat qilmoqda. Mahalladagi mavjud 48 ko‘chada “Obod ko‘cha” mezonini joriy etish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, rejalashtirilgan 14 kilometr ichki yo‘llarning hozirga qadar 3 kilometri asfaltlandi, 8 kilometr tuproq yo‘lning 3 kilometriga shag‘al yotqizildi. Shuningdek, “Obod mahalla” mezoni asosida rejadagi 14 kilometr toza ichimlik suv tarmog‘ining 11 kilometri tortildi. Joriy yil yakuniga qadar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 90 foizga, kelgusi yil bu ko‘rsatgich 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.  

Mahalladagi 550 o‘ringa mo‘ljallangan 22-sonli umumta’lim maktabida, ayni paytda 1 ming 200 nafardan ortiq o‘quvchi uch smenada tahsil olyapti. Kelgusi 2024 yilda 660 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi rejalashtirilgan. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 11 kilometr gaz quvuri ta’mirlandi, tabiiy gaz yetib bormagan yangi uchastkalarga 20 dona suyultirilgan gaz ballonlari va ehtiyoj darajasidan kelib chiqib ko‘mir yetkazib beriladi. To‘rtta transformator ta’mirlanib, eski simyog‘ochlar 420 beton ustunlarga almashtirilishi yakuniga yetkazilmoqda. Mahalladagi 6 xonadan iborat qishloq vrachlik punkti yangidan qurib bitkazildi. Ayni paytda so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilyapti. Binoni joriy yilning noyabr oyida  foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.  

Muxtasar qilib aytganda, “Yangi diyor” MFYda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosidagi obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/itmFL8SeDBc?si=aL-ZySXLw2uGvYkw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

A.Qayumov,  

J.Yorbekov (surat-video), O‘zA