Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi davr uchun, yangi O‘zbekiston uchun!
12:43 / 2025-09-08

Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” umummilliy birdamlik festivali, “Yangi davr uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” tanlovi va gandbol bo‘yicha xalqaro turnir g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Dastlab, tomoshabinlar e’tiboriga 3-Mis boyitish fabrikasi haqida hikoya qiluvchi “Ortga qaytmas islohotlar” nomli videofilm namoyish etildi. Shundan so‘ng tadbirda so‘z olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari davlatimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shishini ta’kidladi. Barchani istiqlol ayyomi bilan qutlab, o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.

Ma’lumki, yaqinda Boku shahrida Ozarbayjon xalqi yetakchisi Haydar Aliyevning xotirasiga bag‘ishlangan gandbol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida xalqaro turnirda qatnashgan OKMK jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu munosabat bilan jamoa murabbiylari va a’zolariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. 

Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida o‘tkazilgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” umummilliy birdamlik festivali g‘oliblari taqdirlandi. 

Jumladan, Qalmoqqir kon boshqarmasi va Issiqlik elektr markazi jamoalari birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Rux zavodi va Elektr tarmoqlari boshqarmasi hamda Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi jamoalariga ikkinchi o‘rin nasib etdi. “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi va “Yoshlik I” koni mehnat jamoalari esa uchinchi o‘rinni egalladi. 

Tadbirda “Yangi davr uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” tanlovining g‘oliblari ham qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi. Xususan, she’rlar yo‘nalishida g‘oliblikni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va publitsist Ashurali Boymurod qo‘lga kiritdi. Maqolalar yo‘nalishida esa Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi 2-temir yo‘l sexi tijorat taftishchisi Behzod Boboyarov g‘olib bo‘ldi. 

Mazkur tanlov g‘oliblari o‘z ijod namunalarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi. “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ham tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. 

A.Musayev, O‘zA.